Avto

2026-yilgi Chevrolet Blazer buyurtmalari qachon yopiladi

Jiddiyroq yangilanishlar esa 2028-yilda bo‘lishi mumkin
Foto: GMAuthority

Chevrolet’ning benzinli (ICE) Chevrolet Blazer modeli dastlab 2025-yildan keyin ishlab chiqarilmaydi, deb rejalashtirilgandi. Biroq kompaniya qarorini o‘zgartirib, Blazer’ni AQSh bozorida yana bir necha yil davomida taklif etishini ma’lum qilgan.

Endilikda 2026-yilgi model bo‘yicha muhim sana aniq bo‘ldi. Manbalarga ko‘ra, bu yilgi Blazer uchun yakuniy buyurtmalar 20-iyul haftasigacha qabul qilinadi. So‘nggi avtomobil esa 25-sentabr kuni konveyerdan chiqadi. Model ishlab chiqarilishi Meksikadagi Ramos Arizpe zavodida amalga oshiriladi.

Narxlar va komplektatsiyalar

Foto: GMAuthority

2026-yilgi Blazer narxi 2LT old g‘ildirakdan tortuvchi versiya uchun $36 mingdan boshlanadi. 3LT versiyasi $41,5 ming, eng yuqori RS komplektatsiyasi esa $45,4 mingdan taklif qilinadi. To‘liq uzatmali (AWD) variant qo‘shilsa, narx komplektatsiyaga qarab yana $2,7 – $2,9 mingga oshadi.

Dvigatellar

Foto: GMAuthority

RS endi standart tarzda 2.0 litrli turbo I4 LSY dvigatel bilan jihozlanadi. U 228 ot kuchi va 258 lb-ft aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Shuningdek, xaridorlar 3.6 litrli atmosferali V6 LGX dvigatelini ham tanlashi mumkin – u 308 ot kuchi va 270 lb-ft moment beradi. Har ikkala dvigatel 9 pog‘onali avtomatik uzatma bilan ishlaydi. Model GM’ning C1 platformasida qurilgan.

Keyingi rejalari

Foto: GMAuthority

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilgi Blazer deyarli o‘zgarishsiz qoladi – faqat yangi kuzov ranglari va kichik opsion yangilanishlari kutilmoqda. Benzinli Blazer ishlab chiqarilishi 2027-yil boshlarida Ramos Arizpe zavodida bosqichma-bosqich qisqartirilib, keyinchalik AQShdagi Spring Hill zavodiga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

Jiddiyroq yangilanishlar esa 2028-yilda bo‘lishi mumkin – yangi avlod yoki katta restayling ehtimoli bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 7L avtomobilining tasvirlari e’lon qilingani haqida yozgandi.