Yangiliklar

AQShdagi otishma natijasida ikki kishi halok bo‘ldi

Hujum AQSh va Isroilning 28-fevral kuni Eronga bergan havo zarbalaridan keyin yuz bergan
AQShdagi otishma natijasida ikki kishi halok bo‘ldi
Foto: Reuters

Texas shtatining Ostin shahrida yuz bergan qurolli hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 14 nafar fuqaro yaralandi. Bu haqda DW ma’lum qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 53 yoshli Senegalda tug‘ilgan va AQSh fuqaroligini olgan Ndiaga Diagne voqea vaqtida Eron bayrog‘i tasvirlangan futbolkada bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, gumondor bar yaqinidan bir necha bor avtomobilda aylanib o‘tgan. So‘ngra mashinasidan turib, avval to‘pponcha bilan bar oldida turganlarga qarata o‘q uzgan. Keyinchalik avtomobilini to‘xtatib, miltiqdan tasodifiy o‘tkinchilarga qarata o‘q uzishni davom ettirgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya uni otib o‘ldirgan.

AQSh Federal qidiruv byurosi vakili Aleks Doran hujum motivi hali aniq emasligini bildirdi. Biroq gumondor va uning mashinasidan topilgan ayrim buyumlar terrorizm bilan ehtimoliy aloqani ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Ish bo‘yicha FBRning aksilterror guruhi mahalliy hokimiyat bilan birgalikda tergov olib bormoqda.

Hujum AQSh va Isroilning 28-fevral kuni Eronga bergan havo zarbalaridan keyin yuz bergan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron oliy rahnamosi o‘limi rasman tasdiqlangani haqida yozgan edi.