BAAda Amazon ma’lumotlar markazida yong‘in chiqdi

1-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) joylashgan Amazon Web Services (AWS) ma’lumotlar markaziga noma’lum obyektlar kelib urilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Eronning AQSh va Isroil hujumlariga javoban amalga oshirayotgan raketa va dron zarbalari fonida BAA aeroportlari, portlari hamda turar joylariga xavf tug‘ilgan. AWS vakillari ma’lumotlar markazidagi hodisaning ushbu harbiy zarbalarga aloqadorligini tasdiqlamadi, ammo inkor ham etmadi.
Markazning bitta ulanish hududiga tashqi obyektlar urilgan. Ushbu obyektlarning kelib urilishi oqibatida uchqunlar va yong‘in kelib chiqqan.
O‘t o‘chirish xizmati yong‘inni bartaraf etish vaqtida markazning elektr ta’minotini butunlay uzib qo‘ygan. AWS operatorlarining ma’lum qilishicha, zarar ko‘rgan hududda tarmoqqa ulanishni qayta tiklash uchun bir necha soat vaqt talab etiladi. Ayni paytda BAA hududidagi boshqa ulanish zonalari odatiy rejimda faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon va OpenAI $38 milliardlik bitim imzolagani haqida xabar bergan edi.