Yangiliklar

BYD savdosi pandemiyadan keyingi eng past darajaga tushib ketdi

Fevral oyida kompaniyaning avtomobil savdosi o‘tgan yildagiga nisbatan 41,1 foizga pasaydi
BYD va Tesla
Foto: P. L. / Unsplash

Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi BYD kompaniyasi fevral oyida global savdoda so‘nggi olti yildagi eng katta qulashni qayd etdi. Bunga avtomobil bozoridagi kuchli raqobat sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Kompaniyaning savdo ko‘rsatkichlari ketma-ket oltinchi oy pasaymoqda. Ushbu pasayish 2020-yilning fevralida COVID-19 pandemiyasi sababli yuz bergan inqirozdan keyingi eng yomon holat bo‘ldi. Dastlabki ikki oyda global savdo hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,8 foizga tushib ketgan.

Xorijiy bozorlarga yetkazib berish barqaror o‘sishni saqlab qolib, fevral oyida 100,6 mingta avtomobilni tashkil qildi. Biroq ichki bozordagi savdo 65 foizga kamayib, 89,5 mingta avtomobilgacha pasaygan. Natijada yanvar oyida raqobatchi Geely kompaniyasi BYD’ni ortda qoldirib, Xitoyning asosiy avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylangan edi.

Ma’lumot uchun BYD 2025-yilda 4,6 mlndan ortiq avtomobil sotgan. Mart oyi oxirida kompaniya o‘zining yirik texnologik yangiliklarini taqdim etishi kutilmoqda. Xalqaro maydonga chiqishni jadallashtirish maqsadida BYD va Geely Meksikadagi Nissan – Mercedes-Benz zavodini sotib olish bo‘yicha yakuniy da’vogarlar qatoriga kiritilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Denza Z9 GT modeli dunyodagi eng uzoq masofali elektromobil bo‘lgani haqida xabar bergan edi.