
2026-yilgi Formula-1 mavsumida Cadillac rasmiy konstruktor sifatida maydonga chiqmoqda va bu bilan General Motors’ning korporativ logotipi ham qaytmoqda. Bu haqda Tarantas news nashri xabar berdi.
Ushbu ramz 2009-yildagi bankrotlikdan so‘ng yo‘qolgan edi. Yangi logotip — yumaloq burchakli kvadrat ichida kichik gm harflari bilan, 2021-yilgi GM elektrifikatsiya strategiyasi asosida taqdim etilgan. Endi esa u Cadillac F1 bolidining yon panelida namoyon bo‘ldi. Bu nafaqat dizayndagi detal, balki GM’ning korporativ birlik va kelajakka ishonch ramzi sifatida qabul qilinmoqda.
2009-yildan oldin deyarli har bir GM avtomobili ushbu logotip bilan chiqqan bo‘lsa, moliyaviy inqirozdan so‘ng kompaniya Chevrolet, Cadillac, GMC va Buick’ni alohida brend sifatida targ‘ib qilishga o‘tgan edi. Endi esa Formula-1 platformasi orqali GM o‘z yagona korporativ brendini qayta ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM kompaniyasining uchta avtomobilida muammo kuzatilgani haqida yozgandi.