Chery QQ3 elektromobili qachon savdoga chiqadi

2-mart 2026 12:01 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chery QQ3 elektromobili qachon savdoga chiqadi
Foto: Chery

Chery kompaniyasi yangi Chery QQ3 EV elektr xetchbekini 10-mart kuni Xitoy bozoriga olib chiqadi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Model 2025-yilning eng ko‘p sotilgan avtomobili bo‘lgan Geely EX2 bilan raqobatlashadi. QQ nomi Xitoyda yaxshi tanilgan. Dastlabki Chery QQ 2003-yilda taqdim etilgan va o‘n yil ichida 1 mln donadan ortiq ishlab chiqarilgan. 2026-yilda kompaniya afsonaviy QQ3 nomini qayta tiklab, uni zamonaviy to‘rt eshikli elektromobil sifatida taqdim qilmoqda.

Foto: Chery

Yangi QQ3 EV 7-fevral kuni oldindan buyurtmaga ochildi. Uch soat ichida 27 mingta buyurtma qabul qilindi. Avtomobilni 99 yuan ($14) evaziga band qilish mumkin bo‘lgan. Keyinchalik bu summa 999 yuan ($146) chegirma sifatida hisoblanadi. Rasmiy narx hali e’lon qilinmagan, biroq model 70 ming – 110 ming yuan ($10 ming – $16 ming) oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

QQ3 EV uzunligi 4 195 mm, kengligi 1 811 mm, balandligi 1 569 mm. G‘ildirak bazasi 2 700 mmni tashkil etadi. U Geely EX2’dan biroz uzun va kengroq. Dizaynda yirik oval faralar, yarim yashirin eshik tutqichlari va biroz qiya orqa ustunlar qo‘llangan.

Foto: Chery

Salon ichida 15,6 dyuymli yirik sensorli ekran va raqamli panel mavjud. Multimedia tizimi Snapdragon 8155 chipiga asoslangan va sun’iy intellektli ovozli yordamchini qo‘llab-quvvatlaydi. Markaziy tunelda fizik tugmalar, simsiz zaryadlash maydoni va ikki dona stakan joyi bor.

Boshlang‘ich versiyada orqa o‘qda 58 kW yoki 78 ot kuchli elektr motor o‘rnatiladi. Kuchliroq talqinda esa 90 kW yoki 121 ot kuch mavjud. Ikki xil LFP batareya taklif qilinadi: 29,5 kVt/soat va 41,3 kVt/soat. CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi 310 km dan 420 kmgacha yetadi.

Foto: Chery

Chery QQ3 EV kichik elektr xetchbek segmentida ulush olishga harakat qiladi. Bozor keskin raqobatli bo‘lsa-da, model zamonaviy texnologiya va mashhur nom yordamida xaridorlarni jalb etishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Exeed Exlantix MX avtomobili test-drayv qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek