Yangiliklar

Doha aeroportida qolib ketgan 50 ga yaqin o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatildi

Doha shahridagi Hamad International Airport aeroportida
Foto: «Dunyo» AA

Yaqin Sharq mintaqasidagi so‘nggi voqealar fonida Qatarda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi ma’lumot berdi.

1-mart holatiga ko‘ra, Qatar hududida 600 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shundan:

  • 31 nafari – diplomatik vakolatxonalar xodimlari va ularning oila a’zolari;
  • 40 nafari – Dohada tahsil olayotgan talabalar;
  • 250 nafari – Qatarda vaqtincha ishlayotgan fuqarolar;
  • 270 nafari – turizm va boshqa sabablarga ko‘ra safarda bo‘lib turganlar.

28-fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi va qator xalqaro reyslarning bekor qilinishi natijasida 48 nafar vatandoshimiz Doha shahridagi Hamad International Airport aeroportida qolib ketgan. Ular Sharja, Dubay va Olmaota aeroportlari orqali Toshkentga qaytishlari kerak edi.

Aeroport ma’muriyati hamda Qatar Airways, Air Arabia va Saudia Airlines aviakompaniyalari yo‘lovchilarni mehmonxonaga joylashtirish imkoniyati yo‘qligini bildirgan.

Shu kunning o‘zida elchixona mas’ul xodimlari aeroportga borib, fuqarolar bilan uchrashgan, ularning holatini o‘rgangan hamda aviakompaniyalar va aeroport ma’muriyati bilan muzokaralar olib borgan. Vatandoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, zarur konsullik yordami ko‘rsatilgan.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqqan fuqarolar bilan zudlik bilan bog‘lanilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilgan va vaqtincha mehmonxonaga joylashtirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, reyslarning bekor qilinishi barcha davlat fuqarolariga ta’sir ko‘rsatgan favqulodda vaziyat bo‘lib, joylashtirish ishlari cheklangan imkoniyatlar sharoitida amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, elchixona mavjud imkoniyatlar doirasida fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda.

Qatar havo hududi ochilib, aviaqatnovlar qayta tiklangach, fuqarolarning Vatanga qaytishi ta’minlanadi.

Ayni paytda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning xavfsiz tarzda O‘zbekistonga qaytishlariga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda. Fuqarolar ro‘yxati shakllantirilgan va muntazam yangilanmoqda.

Elchixona yana bir bor vatandoshlarni vahimaga berilmaslikka, vazminlikni saqlashga va faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi. Shuningdek, xavfsizlik nuqtayi nazaridan Qatar rasmiy idoralari tomonidan berilayotgan ko‘rsatmalar va qoidalarga qat’iy amal qilish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik hamda gavjum joylardan uzoqroq bo‘lish tavsiya etiladi.

Qatarda turizm maqsadida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolardan O‘zbekiston elchixonasi konsuli Otabek Muratov bilan bog‘lanish so‘raladi.
Telefon: +974 5141 1001.

Avvalroq «Kursiv» nashri Isroil, AQSh va Eron mojarosining keskinlashuvi O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi haqida ekspert fikrini yozgandi.