Fond bozori: «O‘zmetkombinat» aksiyalari bir haftada 24 foizga qimmatlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 20-fevraldan 27-fevralgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 4,81 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zmetkombinat» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 24,36 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qizilqumsement» (+13,67%) va «Kvarts» (+11,53) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Trastbank» aksiyalari 9,42 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «BRB» aksiyalari (-5,73%) va «Aloqabank» (-2,86%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi.
Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zRTXB» (1 154 ta), «Kapital sug‘urta» (999 ta) va «Hamkorbank» (959 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zsanoatqurilishbank» (5,20 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zmetkombinat» (1,31 mlrd so‘m) va «O‘zRTXB» (878,16 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 15 tasi haftani ijobiy, 14 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 13,73 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kapital sug‘urta»ning imtiyozli aksiyalari savdosi vaqtincha cheklangani haqida xabar berilgandi. Bunga imtiyozli aksiyalar narxi qisqa muddat ichida 257,14% ga oshgani sabab bo‘lgan.
Birja ma’lumotlariga ko‘ra, narxlarning keskin o‘sish sabablarini aniqlash va holatni chuqur o‘rganish maqsadida 2-martdan boshlab emitentning imtiyozli aksiyalari bilan savdolar vaqtincha to‘xtatilgan.