
Isroilning rasmiy hukumat samolyoti xavfsizlik sababli Germaniyaga qo‘ndi va poytaxt Berlin aeroportiga joylashtirildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Germaniya hukumati manbalariga ko‘ra, AQSh va Isroil zarbalari natijasida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng mintaqa keskinlashdi va Isroil samolyotni xavfsiz joyga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.
Flightradar24 parvozlarni kuzatish xizmati samolyot shanba kuni tushdan keyin Isroildan havoga ko‘tarilgani, avval O‘rta yer dengizi uzra aylana parvoz qilgani va kechga borib Germaniyaga yetib borganini aniqladi.

Manbalarda qayd qilinishicha, parvoz hukumat tomonidan oldinroq ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, bortda faqat ekipaj a’zolari bo‘lgan. Isroilning davlat samolyoti «Wing of Zion» (Sion qanoti) rasmiy hukumat safarlari uchun maxsus jihozlangan Boeing 767 rusumidagi havo kemasi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat ortidan Umra safarlari vaqtincha kechiktirilgani haqida xabar bergan edik.