Yangiliklar

Isroildagi o‘zbekistonliklarga vaqtincha davlatdan chiqib ketish tavsiya qilindi

Elchixona Isroil–Misr chegarasidagi «Begin» nazorat-o‘tkazish punkti orqali chiqish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratdi
Foto: Getty Images

Yaqin Sharqda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat murakkablashib borayotgan bir paytda O‘zbekistonning Isroildagi diplomatik vakolatxonasi vatandoshlar uchun shoshilinch ogohlantirish e’lon qildi. Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Isroilda bo‘lib turgan fuqarolarga vaziyat barqarorlashguniga qadar mamlakatni vaqtincha tark etish tavsiya etilmoqda.

Diplomatik missiya fuqarolardan hushyorlikni oshirishni, Isroil rasmiylari tomonidan joriy etilgan xavfsizlik talablari va cheklovlariga qat’iy amal qilishni so‘radi. Zarur bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslik, boshpanalar va maxsus jihozlangan xavfsiz hududlarda bo‘lish muhimligi ta’kidlandi.

Elchixona Isroil–Misr chegarasidagi «Begin» nazorat-o‘tkazish punkti orqali chiqish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolari Sinay yarimoroliga kirishda viza rasmiylashtirishlari shart emas. Chegaradan o‘tish jarayonini tezlashtirish uchun boj to‘lovlarini oldindan onlayn amalga oshirish tavsiya qilinmoqda. Boshqa quruqlikdagi o‘tish nuqtalarining ish tartibi o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkinligi sababli, safarni rejalashtirishdan avval dolzarb ma’lumotlarni aniqlashtirish zarurligi eslatildi.

Shuningdek, fuqarolarga Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rasmiy axborot kanallarini muntazam kuzatib borish tavsiya etildi.

Favqulodda vaziyatlarda vatandoshlar elchixonaning tezkor aloqa raqamlari — 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076, shuningdek +972 54 485 1397 orqali yoki il.uzembassy@mfa.uz elektron manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat ortidan Umra safarlari vaqtincha kechiktirilgani haqida yozgandi.