Kia Soluto Chevrolet Cobalt o‘rnini bosa oladimi — bloger sharhi

2-mart 2026 17:42 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Ekran tasviri: youtube.com/rukivmasle

YouTube’dagi «Ruki v masle» kanali Kia Soluto haqida yangi video chiqardi. Kursiv Qozog‘istonning yozishicha, unda model Qozog‘istonda eng ko‘p sotiladigan Chevrolet Cobalt’ga raqobatchi bo‘la oladimi, degan savol ko‘tarilgan.

Narx va joylashuv

Ekran tasviri: youtube.com/rukivmasle

Kia Soluto’ning boshlang‘ich narxi taxminan 7 mln tenge ($14 ming). Bu bazaviy komplektatsiya bo‘lib, avtomat uzatma, po‘lat disk va mato salon bilan taklif etiladi. 7,6 mln tenge ($15,2 ming) atrofidagi versiyada esa ekoteri salon, yengil qotishma disklar, kruiz-kontrol va Apple CarPlay hamda Android Auto qo‘llab-quvvatlovchi multimedia mavjud.

Ko‘plab foydalanuvchilar narxni yuqori deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, modelning adolatli bahosi 5–6 mln tenge ($10–$12 ming) atrofida bo‘lishi kerak.

Texnik ko‘rsatkichlar

Ekran tasviri: youtube.com/rukivmasle

Soluto 1,4 litrli 95 ot kuchiga ega oddiy atmosferali dvigatel bilan jihozlangan. U 4 pog‘onali klassik avtomat bilan ishlaydi. Murakkab turbina yoki elektron tizimlar yo‘q. Muallifning aytishicha, buziladigan joylari deyarli yo‘q.

100 km/soat tezlikda dvigatel 3 ming aylanish atrofida ishlaydi. Sinov paytida yonilg‘i sarfi 100 kmga 8,1 litrni tashkil etgan. Maksimal tezlik taxminan 170 km/soat.

O‘lcham va bagaj

  • Uzunligi 4 300 mm;
  • Kengligi 1 700 mm;
  • Balandligi 1 460 mm;
  • Klirensi 150 mm;
  • Bagaj hajmi 475 litr.

Blogerga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar budjet sedan uchun yomon emas.

Salon va jihozlar

Ekran tasviri: youtube.com/rukivmasle

Ichki qismi oddiy. Qattiq plastik ishlatilgan, elektr jihozlar kam. Old o‘rindiqlar isitiladi, konditsioner bor, kruiz-kontrol va shinalar bosimini nazorat qilish tizimi mavjud.

Cobalt bilan taqqoslash

Chevrolet Cobalt kuchliroq dvigatel va 6 pog‘onali avtomat bilan taklif etiladi. U taksi bozorida mustahkam obro‘ga ega.

Kia Soluto esa zamonaviyroq salon va Kia brendi bilan ajralib turadi. Ikkilamchi bozorda ham Kia odatda narxni yaxshiroq ushlab turadi.

Обзор Kia Soluto Кобальт напрягся

Umuman olganda, Kia Soluto shahar uchun oddiy va ishonchli sedan. U Cobalt o‘rnini to‘liq egallashi qiyin, biroq budjet segmentida o‘z xaridorini topishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Qozog‘iston avtomobil bozorida Kia avtomobillari Chevroletga nisbatan ko‘proq sotilgan. Ammo modellar kesimida esa yetakchilik Chevrolet Cobalt’da qoldi. Yanvar oyida 2,2 mingta Cobalt sotildi.

Shuningdek