
Kursiv Uzbekistan o‘tgan hafta mobaynida respublika va xorijda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi

Foto: Ohio Farm Bureau
O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan Yangi Kultak konida 5-son qidiruv hamda 10-son baholovchi ishlab chiqarish quduqlaridan sanoat ahamiyatiga ega gaz oqimi olindi. Burg‘ulash ishlari 3200 metr chuqurlikkacha olib borilgan. Hozirda har bir quduqdan kuniga taxminan 245 ming metr kub tabiiy gaz olinayotgani aniqlangan. Ajratib olinayotgan gaz Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yuborilmoqda.
Yunusobodda 9 mln dollarlik yer savdosi fosh etildi

Foto: DXX
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida $9 mlnlik yer savdosi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, 1953-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan ayol 1982-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, noqonuniy yer savdosiga uringan.
24 – 27-fevral kunlari oltita viloyatda qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

Foto: depositphotos
2026-yil 24 – 27-fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Samarqandda 402 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlandi

Foto: O‘ZENERGOINSPEKSIYA
Samarqand shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida fuqaroga qarashli novvoyxona tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar bermoqda.
Qoidabuzarlik holati «O‘zenergoinspeksiya»ning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi va mahalliy gaz ta’minoti korxonasi vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida aniqlangan. Novvoyxona egasi tegishli ruxsatnomalarsiz gaz tarmog‘iga ulanib olgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 402,3 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bolalar ombudsmani Fargʻonadagi 62 nafar bola zaharlanishi bo‘yicha tekshiruv boshladi

21-fevral kuni bir nechta bog‘cha tarbiyalanuvchilari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar bilan murojaat qilgan. Shifokorlar ko‘rigidan so‘ng ularga o‘tkir diareya, alimentar etiologiya tashxisi qo‘yilgan. Hozirda 62 nafar bola statsionar sharoitda davolanmoqda. Shifokorlar ularning ahvolini qoniqarli deb baholamoqda.
2026-yilning yanvar – fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni ochildi

Foto: President.uz
Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish yuzasidan 2026/2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangan. Joriy yil yanvar – fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni ochilgani ma’lum qilindi.
Fevral oyida 7 mingdan ortiq yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘lamagani aniqlandi

Foto: Transport vazirligi
Joriy yilda Toshkent shahrida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan nazorat tadbirlari davomida 18 655 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Bu haqda Transport vazirligiga ko‘ra, aniqlangan qouidabuzarliklar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Islom sivilizatsiya markazi qachon to‘liq ochiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi 19 – 21-mart kunlari to‘liq ochiladi. Shavkat Mirziyoyev ushbu maskan har bir o‘zbekistonlik uchun muhim ma’naviy manba bo‘lishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, markazga tashrif buyurgan inson buyuk ajdodlarimiz merosi va millatimiz kimligi haqida chuqur tasavvurga ega bo‘ladi.
Yangi Gentra 2026 O‘zbekistonda ishlab chiqariladimi

Foto: You Tube / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan
Ijtimoiy tarmoqlarda yangi Gentra 2026 avtomobiliga oid tasvirlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatida so‘rov yubordi.
«Lacetti (Gentra) rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarish 2024-yilda to‘xtatilgan bo‘lib, mazkur modelni qayta ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmagan», – deya ta’kidladi kompaniya Kursiv Uzbekistan so‘roviga javoban.
O‘zbekistonning birinchi kosmonavti kim bo‘ladi
O‘zbekiston anchadan buyon kosmosga parvoz dasturi ustida ish olib bormoqda. Shunday ekan, O‘zbekistonning ilk kosmonavti kim bo‘lishi barchaga qiziq. «O‘zbekkosmos» agentligi matbuot kotibi ushbu savolga javob berdi.
O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotiladi
1-apreldan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i quyish uchun to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.

Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘radi
Amerikalik tadbirkor, Microsoft hammuassisi Bill Geyts Jeffrey Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘radi va turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilganini tan oldi. Bu haqda The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Noqonuniy poygalar uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin

Foto: «Avtodrom Sokol»
Yo‘llarda noqonuniy poygalar tashkil etish va ularda ishtirok etganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda avtomobil yo‘llarida o‘tkazilayotgan noqonuniy poygalar yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Bunday holatlar nafaqat jamoat tartibini buzmoqda, balki og‘ir yo‘l-transport hodisalari va inson o‘limigacha olib kelayotgan salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Stranja turniri: o‘zbekistonlik 9 nafar bokschi navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi
Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha Stranja xalqaro turniri davom etmoqda. 26-fevral kuni o‘tkazilgan janglarda O‘zbekistonning 9 nafar vakili g‘alaba qozondi, 3 nafar bokschi esa mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Xorazmlik yosh ijrochiga prezident sovg‘asi BYD Chazor topshirildi

24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev oldida jonli ijro qilgan o‘quvchi Otamurod Rayimboyev va’daga muvofiq avtomobil bilan taqdirlandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Rayimboyev Urganch tumanidagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabining 4-sinfida o‘qiydi. Tadbir davomida Komiljon Otaniyozov repertuaridan qo‘shiq ijro qilib, yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirgan. Davlat rahbari uning iste’dodini e’tirof etib, mas’ullarga sovg‘a sifatida avtomobil ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Isroil Eronga havodan zarbalar berdi

Foto: The Jerusalem Post
Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakat Eronga qarshi profilaktik hujum uyushtirganini e’lon qildi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, zarba Isroilga nisbatan ehtimoliy raketa va dron hujumlarining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda favqulodda holat joriy etilgan. Isroil mudofaa kuchlari aholiga boshpanalar yaqinida qolish boʻyicha ogohlantirish bergan. Ta’lim muassasalari, ommaviy tadbirlar va aksariyat ofis ishlari vaqtincha toʻxtatilgan.
Tramp AQShning Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiyasini tasdiqladi

Foto: © AP Photo / Alex Brandon
Donald Tramp AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshlaganini tasdiqladi. Prezident bu haqda videomurojaat bilan chiqdi.
Trampning aytishicha, biroz oldin AQSh harbiylari Eronda yirik jangovar amaliyotlarni boshladi. Unga ko‘ra, operatsiya Eronning raketa salohiyati, raketa sanoati, harbiy-dengiz kuchlari hamda yadroviy dasturiga qaratilgan.
AQSh prezidenti Qo‘shma Shtatlar Eronning barcha raketalarini va tegishli infratuzilmasini yo‘q qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Eron bilan bog‘liq proksi guruhlar ham zarba ostiga olinganini ta’kidladi.
«Manchester Siti» 40–60 ochkodan mahrum qilinishi mumkin

Foto: «Manchester Siti»
Angliya Premyer-ligasidagi moliyaviy qoidalar buzilishi boʻyicha ish davom etmoqda. Ekspert Kiran Maguayrning bildirishicha, agar «Manchester Siti» aybdor deb topilsa, klubga juda jiddiy sanksiyalar qoʻllanilishi mumkin.
Uning fikricha, jazo ochkolarni kamaytirish shaklida boʻlishi ehtimol bor. Maguayr hisoblashicha, bu 40 – 60 ochko atrofida boʻlishi mumkin. U bunga «Everton» va «Nottinghem Forest» klublariga bir nechta qoidabuzarlik uchun ochko olib tashlanganini misol qildi. «Manchester Siti»ga qoʻyilgan ayblovlar esa 2009 – 2018-yillarni qamrab olgan va hajman ancha keng.
Eron Fors koʻrfazidagi AQSh bazalariga zarba berdi

Foto: Reuters
Eron Fors koʻrfazi mintaqasidagi AQSh harbiy infratuzilmalariga ommaviy zarba berganini maʼlum qildi. Bu haqda Al Jazeera va Eron davlat OAV xabar berdi.
Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi AQSh – Isroil zarbalariga javoban raketa va dronlardan iborat toʻlqinli hujum boshlaganini bildirdi. FARS agentligi maʼlumotiga koʻra, zarbalar Qatardagi Al-Udeid aviabazasi, Kuvaytdagi Ali Al-Salem bazasi, BAAdagi Al-Dhafra aviabazasi hamda Bahrayndagi AQSh Beshinchi floti qarorgohini nishonga olgan.