
Toshkentda yakunlangan Tashkent Grand Slam 2026 turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda MOQ xabar berdi.

O‘zbekistonlik dzyudochilar medallar jamg‘arish bo‘yicha Yaponiya va Ozarbayjon vakillaridan keyingi pog‘onani band etdi. Ayollar o‘rtasida -57 kg vazn toifasida Shukurjon Aminova barcha raqiblarini mag‘lub etib, jamoa hisobiga yagona oltin medalni taqdim etdi.

Kumush medallar Shahram Ahadov (-73 kg), Ernazar Sarsenbayev (-100 kg) va Alisher Yusupov (+100 kg) hisobiga yozildi. Shuningdek, to‘rt nafar sportchi — Doston Ro‘ziyev (-60 kg), Elbek Tojiyev (-73 kg), Murodjon Yo‘ldoshev (-81 kg) hamda Umida Nig‘matova (+78 kg) shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Diyora Keldiyorova ochgan dzyudo maktabi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgani haqida xabar bergan edi.