Yangiliklar

Pokistonda uch kunlik komendantlik soati joriy etildi

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq odamlar jarohat olgan
Foto: The Canadian Press

Pokiston shimolida AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari oqibatida yuzaga kelgan keskinlik fonida ommaviy tartibsizliklar boshlandi. Eron oliy rahbari Oyaulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani haqidagi xabarlar ortidan minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqdi. Bu haqda APNews xabar berdi.

Rasmiylar ma’lum qilishicha, Gilgit va Skardu shaharlariga qo‘shin kiritilib, tongdan boshlab uch kunlik komendantlik soati e’lon qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq odamlar jarohat olgan.

1-mart kuni namoyishchilar Skardu shahrida BMTning sulhni kuzatuvchi missiyasi – United Nations Military Observer Group in India and Pakistan idorasi hamda United Nations Development Programme binosiga hujum qilgan. Gilgitda esa politsiya bo‘limi yoqib yuborilgan, maktab va xayriya tashkiloti binolari shikastlangan.

Janubdagi yirik port shahri Karachida ham vaziyat keskinlashdi. Namoyishchilar United States Consulate General Karachi binosiga bostirib kirishga uringan, oynalar sindirilgan va bino yoqib yuborishga harakat qilingan. To‘qnashuvlar oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan. Poytaxt Islomobodda ham to‘qnashuvlar yuz bergani xabar qilinmoqda.

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan United States Embassy in Pakistan va uning Karachi hamda Lahoredagi konsulliklari vizalar bo‘yicha qabulni vaqtincha to‘xtatgan. Mamlakat bo‘ylab AQSh diplomatik vakolatxonalari atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xomanaiyning turmush o‘rtog‘i kasalxonada vafot etgani haqida yozgandi.