
Toshkent viloyati prokuraturasining devonxona noziri tadbirkordan $9 ming talab qilgan. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, O‘rta Chirchiq tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Natijada 276 mln so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Gumonlanuvchi ushbu jarimani vakolatli tanishlari orqali bekor qilib berish va tadbirkorga nisbatan chora ko‘rilmasligini ta’minlash evaziga 9 ming dollar so‘ragan. U ayni paytda Namangan shahridagi oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgani sababli pullarni o‘sha yerga olib kelishni talab qilgan.

DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda u $9 mingni Namangan viloyatida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan gumonlanuvchiga va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Devonxona noziri uchun qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 33,4 ming dona kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari musodara qilingani haqida yozgan edi.