
Angliya Premyer-ligasining 28-turida «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Kristal Pelas» ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi va musobaqa jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Uchrashuvning 4-daqiqasidayoq Maksens Lakrua hisobni ochib, mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Biroq 56-daqiqada Lakrua jarima maydonchasiga kirib borayotgan Mateus Kunyani ushlab qolgani uchun qizil kartochka oldi va belgilangan penaltini 57-daqiqada Bruno Fernandesh aniq amalga oshirib, muvozanatni tikladi.
Oradan sakkiz daqiqa o‘tib, Benjamin Sheshko Fernandeshning uzatmasidan so‘ng bosh bilan g‘alaba to‘pini kiritdi. Ushbu natijadan so‘ng Maykl Karrik boshqaruvidagi jamoaning ko‘rsatkichi yettita o‘yinda oltita g‘alaba va bitta durangga yetdi. Jamoa to‘plar nisbatiga ko‘ra «Aston Villa»ni ortda qoldirib, 2023-yildan beri ilk bor musobaqa jadvalida uchinchi o‘ringa chiqdi.

«Kristal Pelas» esa xavfli hududdan 10 ochko oldinda borib, 14-o‘rinni band etib turibdi. Hujumchi Sheshko qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urishga muvaffaq bo‘ldi va so‘nggi sakkiz uchrashuvdagi gollari sonini yettitaga yetkazdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Benjamin Sheshkoning goli «Manchester Yunayted»ga safarda g‘alaba keltirgani haqida xabar bergan edi.
