Umar Jabrailov Moskvadagi mehmonxonada o‘z joniga qasd qildi

Rossiyalik sobiq senator, 67 yoshli tadbirkor Umar Jabrailov Moskva markazidagi mehmonxonada o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda DW agentligi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jabrailovning jasadi Tverskaya ko‘chasidagi mehmonxona xonalaridan birida topilgan, uning yonida to‘pponcha bo‘lgan. Shuningdek, boshqa nashrlar ham o‘z manbalariga tayanib, voqeaning o‘z joniga qasd qilish ekanligini tasdiqlamoqda. Sobiq senator 2020-yilda ham o‘z hayotiga suiqasd qilishga uringani aytiladi.
Umar Jabrailov Rossiya siyosiy va iqtisodiy doiralarida taniqli shaxs hisoblangan. U 2000-yilgi prezidentlik saylovlarida Vladimir Putinga raqib sifatida ishtirok etgan. 2004–2009-yillar davomida Rossiya Federatsiya kengashida Checheniston vakili bo‘lib ishlagan va xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagan.
2017-yilda tadbirkor Four Seasons mehmonxonasida o‘q uzib, bezorilik qilgani uchun hibsga olingan edi. Mazkur voqeadan so‘ng u 500 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan va «partiya nufuziga putur yetkazuvchi harakatlari» uchun «Yedinaya Rossiya» safidan chiqarilgan. 2009–2013-yillarda u Rossiya prezidenti yordamchisining maslahatchisi bo‘lib ham faoliyat yuritgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan senator Rodrigo Paz Boliviyada prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.