Avto

Xiaomi SU7 Ultra mojarosida birinchi sudda g‘alaba qozondi

Mazkur sud qarori SU7 Ultra savdolari keskin tushib ketgan davrga to‘g‘ri kelmoqda
Xiaomi SU7 Ultra mojarosida birinchi sudda g‘alaba qozondi
Foto: CarNewsChina

Xitoyning Changsha shahridagi Kaifu tumani xalq sudi 12-fevral kuni Xiaomi kompaniyasining rasmiy dileri ustidan kiritilgan firibgarlik va shartnomani buzish da’vosini rad etdi. Bu haqda CarNewsChina ma’lum qildi.

Da’vogar 10 ming yuanlik ($1,3 ming) oldindan to‘lovni ikki barobar qilib qaytarishni talab qilgan. Biroq sud 2025-yil 5-martda imzolangan xarid shartnomasi 13-sentabr kuni tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan bekor qilinganini inobatga oldi. 800 yuan ($110) miqdoridagi sud xarajatlari bo‘linib, 500 yuan ($70) da’vogar, 300 yuan ($40) Xiaomi zimmasiga yuklatilgan.

Sud qarorida qayd etilishicha, reklamada qo‘llangan yuqori samarali havo oqimi atamasi qisman havo chiqarish funksiyasiga zid emas. Shuningdek, kompaniya ichki konstruksiyaga oid ma’lumotlarda ataylab chalg‘itish niyati bo‘lmagan deb topildi.

Foto: «Avtonovosti dnya»

Nizoga SU7 Ultra’ning ikki kanalli karbon kapoti sabab bo‘lgan. U prototipdagi aerodinamik va sovutish imkoniyatlarini takrorlaydi deb targ‘ib qilingan. Biroq ayrim egalarning ta’kidlashicha, seriyali model ichki tuzilishi oddiy alyuminiy kapotga o‘xshash bo‘lib, faqat plastik tayanch plastinasi qo‘shilgan. Mustaqil sinovlarda vent teshiklari orqali havo oqimi deyarli sezilmagani aytilgan.

Xiaomi 2025-yil 8-may kuni avvalgi tushuntirishlar yetarlicha aniq bo‘lmaganini tan olib, kapot funksiyasi aslida old bo‘limdagi yordamchi issiqlik chiqarish ekanini ma’lum qilgan. Yetkazib berilmagan buyurtmalar egalari alyuminiy kapotga qaytish imkoniga ega bo‘lgan, ammo buning uchun 30–40 haftagacha kutish talab qilingan. Amaldagi mijozlarga 20 ming sodiqlik balli, taxminan 2 ming yuan ($276) qiymatidagi bonus berilgan.

Mazkur sud qarori SU7 Ultra savdolari keskin tushib ketgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Modelning oylik savdosi 3 mingdan ortiq darajadan 2026-yil yanvarida atigi 45 donagacha kamaydi. Shunga qaramay, Xiaomi EV yanvarda jami 22 ming sug‘urta ro‘yxatga olinishini qayd etdi. Bu dekabr o‘rtacha ko‘rsatkichidan 15 foiz yuqori.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi ilk giperkari Vision Gran Turismo modelini namoyish qilgani haqida yozgan edi.