
Yaqin Sharqda vaziyat keskin tus olmoqda. AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng mojaro bir nechta davlatlarni qamrab oldi va mintaqaviy urush xavfi kuchaydi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Eron zarbalari: Qatar va Saudiya nishonda
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Eron tomonidan Saudiya Arabistonidagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilgan. Yong‘in chiqqani, ammo rasmiylarga ko‘ra, u nazorat ostiga olingani aytilmoqda.
Qatardagi Ras Laffan va Mesaieed gaz majmualariga hujum qilingan. Qatar davlat energetika kompaniyasi ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilganini bildirgan.
Qatar dunyodagi eng yirik suyultirilgan gaz eksportchilaridan biri hisoblanadi. Bu voqealar fonida xalqaro bozorda gaz narxi keskin oshdi – ayrim savdolarda 42% gacha ko‘tarildi. Mutaxassislar bu Yevropa va Osiyo bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytmoqda.
AQShning javobi va harbiy yo‘qotishlar
AQSh Mudofaa vaziri Pete Hegseth brifingda Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. U operatsiya cheksiz urushga aylanmasligini, asosiy maqsad Eronning raketa va harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish ekanini bildirdi.
Shuningdek, Kuvaytda AQShning uchta F-15 qiruvchi samolyoti «do‘stona o‘t ochish» hodisasi sabab qulagani ma’lum qilindi. Barcha 6 nafar uchuvchi katapult orqali qutqarilgan.
AQSh yana bir harbiy xizmatchi Eronning dastlabki hujumlarida halok bo‘lganini tasdiqladi (joyi oshkor etilmadi).
Isroil va Livan fronti
Isroil armiyasi Bayrutda Hizbulloh razvedka boshlig‘i yo‘q qilinganini e’lon qildi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odamlar yaralangan.
Hizbulloh – Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruh bo‘lib, Isroil bilan oldin ham bir necha bor urush olib borgan. Tahlilchilarga ko‘ra, ularning mojaro ichiga kirishi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Kipr va Buyuk Britaniya bazasi
Kipr janubidagi Britaniyaning RAF Akrotiri harbiy bazasi tomon uchayotgan ikki dron tutib qolingan. Oldinroq bir dron baza hududiga qulab, kichik moddiy zarar yetkazgani aytilgan.
Bu esa mojaro geografiyasi kengayayotganini ko‘rsatmoqda.
Nimalar bo‘lishi kutilmoqda
Tahlilchilar quyidagi xavflarni ko‘rsatmoqda:
- energetika bozorlarida uzoq muddatli beqarorlik;
- neft va gaz narxining yanada oshishi;
- Livan – Isroil frontida keng ko‘lamli urush;
- AQSh va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv.
Hozircha barcha tomonlar o‘z harakatlarini «javob zarbasi» deb atamoqda. Ammo vaziyat tez o‘zgarayotganini inobatga olsak, mintaqa yangi bosqichga kirgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri Isroil, AQSh va Eron mojarosining keskinlashuvi O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi haqida ekspert fikrini yozgandi.