
Ashxoboddagi O‘zbekiston elchixonasi Erondagi vakolatxona va Turkmaniston idoralari bilan hamkorlikda fuqarolarni chegarada kutib olish va xavfsiz vatanga qaytarish ishlarini olib bormoqda. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Turkmaniston davlat idoralarining ko‘magi bilan elchixona xodimlari 13 nafar fuqaroni «Saraxs» turkman–eron chegara posti orqali O‘zbekistonga xavfsiz kuzatib qo‘ydi.
Shuningdek, 2026-yil 2-martdan «Gaudan–Bajgiran», «Artik–Lyutfabad», «Akyayla–Incheburun» va «Oltin Asir–Incheburun» nazorat-o‘tkazish punktlari orqali fuqarolar va transport vositalarining o‘tishi qayta tiklandi.
Elchixona xodimlari, jumladan, avtotransport vositalari safarbar etilgan holda, fuqarolarni «Gaudan–Bajgiran» nazorat-o‘tkazish punktida kutib olmoqda.
O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi xodimlariga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin:
- +993 64 78-04-44 – Jasur Ashurov;
- +993 64 99-34-58 – Jamshid Buriyev;
- +993 62 20-49-56 – Jasur Axmedov (konsul).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharq mintaqasidagi O‘zbekiston fuqarolari uchun favqulodda koll-markazlar ish boshlagan edi.