
Pokistonning Karachi shahridagi AQSh konsulligiga bostirib kirgan namoyishchilarga qarata Amerika dengiz piyodalari o‘q uzgan. Bunga Eron oliy ruhanosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘limi ortidan kelib chiqqan noroziliklar sabab bo‘lgan.
AQShning ikki nafar rasmiysi dengiz piyodalarining qurol ishlatganini tasdiqladi, biroq qurbonlar aynan ularning o‘qidan halok bo‘lgani hozircha noma’lum. 1-mart kungi namoyishlar vaqtida konsullikning tashqi devori buzib o‘tilgan va hududda yuz bergan tartibsizliklar oqibatida jami 10 kishi halok bo‘lgan.

Karachi politsiyasi o‘qlar konsullik hududi ichidan uzilganini ma’lum qildi. Sind provinsiyasi hukumati matbuot kotibi Suxdev Assardas Xemnani xavfsizlik xodimlari o‘q uzganini aytgan bo‘lsa-da, ularning aynan qaysi tuzilmaga tegishli ekanini ochiqlamagan. Namoyishchilar konsullik tashqarisida «Amerikaga o‘lim! Isroilga o‘lim!» deb hayqirgan.
Eron rahbarining o‘limidan so‘ng Pokiston bo‘ylab ommaviy namoyishlar tarqaldi va mamlakat bo‘ylab jami 26 kishining halok bo‘lgani qayd etildi. 2-mart kuni barcha hududlarda yirik yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlandi. Shunga qaramay, shia jamoasi yetakchilari Karachi va Lahor shaharlarida namoyishlarni davom ettirishga chaqirmoqda.
AQSh Davlat departamenti ushbu voqea yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Hozirda Karachi, shuningdek, Islomobod va Lahordagi AQSh diplomatik vakolatxonalari atrofiga politsiya kuchlari tortilib, yo‘llar to‘liq to‘sib qo‘yilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokistonda uch kunlik komendantlik soati joriy etilgani haqida xabar bergan edi.