Gadjetlar

Yaqin Sharqdagi keskinlik smartfonlar narxini oshirishi mumkin

Dunyo bo‘yicha smartfonlarning katta qismi havo orqali tashiladi
2026-yilda hamyonbop smartfonlar ham qimmatlashishi mumkin
Foto: depositphotos

2025-yil davomida AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygandi. 2026-yilning fevralidagi AQSh va Isroilning Eronga qo‘shma zarbasi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bu esa Yaqin Sharqda geosiyosiy xavflarni oshirib, global bozorlarda noaniqlikni kuchaytirdi.

Avval ham Isroil va Eron o‘rtasida qisqa muddatli to‘qnashuvlar bo‘lgan. 2025-yil iyunidagi 12 kunlik mojaro jiddiy iqtisodiy inqirozga olib kelmagan edi. Smartfon bozori ham qisqa muddatli tebranish bilan cheklangan. Ammo hozirgi vaziyat uzoq davom etishi mumkinligi bilan farq qiladi.

Smartfon sanoati uchun asosiy xavf logistika bilan bog‘liq. Dunyo bo‘yicha smartfonlarning katta qismi havo orqali tashiladi. Sababi ular qimmat mahsulot bo‘lib, tez yetkazib berish talab etiladi. Yangi modellarda zaxira tanqisligi va narx pasayishining oldini olish muhim.

Yaqin Sharq bu logistika zanjirida muhim markaz hisoblanadi. Dubay va Qatardagi yirik aeroportlar Yevropa, Afrika va AQShga yuklarni qayta taqsimlashda asosiy tranzit nuqtalari. Counterpoint tahlilchilariga ko‘ra, agar mojaro cho‘zilsa, reyslar Markaziy Osiyo, jumladan, Toshkent orqali yoki Sharqiy Osiyo yo‘nalishlari orqali o‘tishi mumkin. Ammo bu vaqt va xarajatni oshiradi.

Qurilmalarni tashish uchun ishlatiladigan asosiy havo yuk yo‘laklari

Ekran tasviri FlightRadar24

Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopishi haqidagi bayonoti ham vaziyatni og‘irlashtirdi. Ushbu yo‘lak orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi o‘tadi. 2-mart holatiga ko‘ra, neft narxi taxminan 6 foizga oshdi. Bu esa aviayonilg‘i narxining ko‘tarilishiga olib keladi.

Masalan, Boeing 777F yuk samolyoti bir soatda 7-8 tonna yonilg‘i sarflaydi. Bu o‘rtacha $8 mingdan ortiq xarajat degani. Yo‘nalish o‘zgarishi tufayli parvoz 2-3 soatga uzaysa, qo‘shimcha $20 – $25 ming sarf paydo bo‘lishi mumkin. Agar parvoz 12 – 14 soatga uzaytirilsa, qo‘shimcha ekipaj jalb etilishi sababli yana o‘n minglab dollar xarajat qo‘shiladi.

Muammo faqat yangi telefonlarga taalluqli emas. Qayta tiklangan smartfonlar bozori ham zarba olishi mumkin. Chunki ehtiyot qismlar, asosan, dengiz orqali yetkaziladi. Dubaydagi Jebel Ali porti bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Agar bu yo‘nalish cheklansa, ta’mirlash va qayta sotish jarayoni sekinlashadi.

Natijada logistika, sug‘urta va yonilg‘i xarajatlarining oshishi ishlab chiqaruvchilarning marjasiga bosim qiladi. Har bir telefon uchun qo‘shimcha xarajat kichik ko‘rinsa-da, millionlab qurilmalarda bu sezilarli summaga aylanadi. Bu esa narx siyosati, zaxira rejalashtirish va foyda darajasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Agar keskinlik uzoq davom etsa, global smartfon bozorida narxlarning bosqichma-bosqich oshishi va yetkazib berish muddatlarining uzayishi ehtimoli ortadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hududida AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan zarbalar fonida halok bo‘lganlar soni 555 nafarga yetgani xabar qilingandi. Eronning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikdagi elchisi International Atomic Energy Agency (IAEA) huzurida bayonot berib, 1-mart kungi zarbalar Eronning Natanz yadroviy obyektiga qaratilganini ma’lum qildi. 

Mintaqadagi vaziyat keskinlashib borar ekan, Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z hududini himoya qilishga tayyorligini bildirgan. Eron tashqi ishlar vaziri esa Tehron qo‘shni davlatlar bilan to‘qnashuv istamasligini, asosiy nishon AQSh harbiy infratuzilmasi ekanini ta’kidladi.