
Boy shaxslar Yaqin Sharqdagi xavfli vaziyat sababli Saudiya Arabistoni orqali xususiy samolyotlar bilan mintqani tark etmoqda. Bu haqda Daily Mail nashri ma’lum qildi.
Abu Dabi, Dubay, Qatar va Bahrayn hududlariga Eron raketalari va dronlari hujumi ortidan Yaqin Sharqdagi boy elitalar xavfsiz evakuatsiya yo‘llarini izlamoqda. Riyod esa Yaqin Sharqdan chiqish uchun muhim tranzit nuqtasiga aylangan, chunki King Khalid xalqaro aeroporti hali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xususiy xavfsizlik kompaniyalari Dubaydan Riyodga odamlarni yetkazish uchun SUV avtomobillarini safarbar qilmoqda va keyin ularni xususiy samolyotlar bilan Yevropaga yoki boshqa xavfsiz joylarga jo‘natmoqda. Evakuatsiya qilinayotganlar orasida global moliya kompaniyalarining rahbarlari va hududda ish safari yoki dam olish uchun bo‘lib turgan boy shaxslar mavjud.
Favqulodda chiqish talabining oshishi natijasida SUV va xususiy samolyotlar narxlari keskin ko‘tarilgan. Riyoddan Yevropaga xususiy samolyotlar narxi hozir $350 ming (£260 ming) gacha yetmoqda.
Saudiya Arabistoni hozirgi vaqtda Yaqin Sharqdan chiqish uchun eng xavfsiz mamlakat bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Saudiya vizalarni olish tartibini soddalashtirgan, ko‘plab millatlar osonlikcha viza olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqqa reyslar bekor qilinishi ortidan aviakompaniyalar aksiyasi pasaygani haqida xabar bergan edik.