
Buxoro shahrida terrorizm va ekstremistik faoliyatga aloqador ota va o‘g‘ilga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro shahrida yashovchi 1999-yilda tug‘ilgan shaxs 2019-yilda Suriya davlatidagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terror tashkilotiga qo‘shilib, faoliyat yuritgan. U ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan pul yig‘ib, terroristik tashkilotning moliyaviy ta’minotiga ko‘maklashgan.
2021–2025-yillarda ushbu shaxs internet orqali o‘zbekistonlik fuqarolarni kriptovalyuta shaklida pul yuborishga chaqirgan va natijada katta miqdorda mablag‘ yig‘ilgan. Hozirda uning aldoviga uchib pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, u o‘z faoliyatiga Buxoro shahrida yashovchi, 1965-yilda tug‘ilgan otasini ham jalb qilgan. Ota 2022–2025-yillar davomida «Binance» xalqaro kripto-birjasi orqali jami 13 597 USDT kriptovalyutani o‘g‘liga yuborgan.
Mazkur shaxs avval diniy ekstremizm va aqidaparastlik bilan bog‘liq materiallarni tarqatgani uchun 2019-yilda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, keyinchalik Buxoro shahar sudining qarori bilan shartli ravishda ozod qilingan edi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning harakatlariga chek qo‘yilgan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Buxoro shahar sudining hukmi bilan 1965-yilda tug‘ilgan fuqaro 10 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi, 1999-yilda tug‘ilgan o‘g‘liga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qidiruv e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati prokuraturasi xodimi 9 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan edi.