Avto

BYD Great Tang elektromobili qachon taqdim etiladi

Oldinroq Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi ma’lumotlar bazasida modelning texnik tafsilotlari paydo bo‘lgan edi
BYD Great Tang elektromobili qachon taqdim etiladi
Foto: BYD

BYD o‘zining D-segmentdagi flagman yo‘ltanlamasi BYD Great Tang modelining rasmiy suratlarini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, kompaniya avtomobil 5-mart kuni rasman namoyish qilinishini tasdiqladi. Oldinroq Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi ma’lumotlar bazasida modelning texnik tafsilotlari paydo bo‘lgan edi. Great Tang uzunligi 5263 – 5302 mm, eni 1999 mm, balandligi 1790 yoki 1800 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3130 mm. Avtomobil 7 o‘rindiqli konfiguratsiyada taklif etiladi.

Foto: BYD

Modelning maksimal tezligi 240 yoki 250 km soatga yetadi. Bo‘sh og‘irligi 2640 – 2970 kg oralig‘ida. To‘liq og‘irligi esa 3245 – 3575 kg ni tashkil qiladi. U 20 yoki 21 dyuymli shinalar bilan jihozlanadi. Batareya sifatida LFP texnologiyasi qo‘llanadi.

Great Tang panoramali lyuk bilan standart tarzda taqdim etiladi. Havo osma varianti bilan balandlik 1790 mm, oddiy osma bilan esa 1800 mm bo‘ladi. Dekorativ orqa bamper elementi tanlansa, umumiy uzunlik 5302 mm ga yetadi.

Foto: BYD

To‘liq elektr versiya BYD’ning yangi Super e-platformasiga asoslanadi. Platforma 1000V yuqori kuchlanish arxitekturasiga ega. 10C tezkor zaryad va 1000A tok kuchi bilan zaryadlash quvvati 1000 kVt gacha yetishi mumkin. Bu esa juda tez zaryadlash imkonini beradi.

BYD hozirda Megawatt Flash Charging stansiyalarini keng miqyosda joriy etmoqda. Great Tang shu texnologiyadan foydalana oladigan ilk modellardan biri bo‘ladi.

Foto: BYD

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Seal 07 elektromobili qachon sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.