Avto

BYD Seal 07 elektromobili qachon sotuvga chiqadi — narx

BYD tadbir davomida Megavatt Flash Charging 2.0 tizimini ham namoyish qiladi
BYD Seal 07 elektromobili qachon sotuvga chiqadi — narx
Foto: BYD

BYD kompaniyasi 5-mart kuni yirik Tech Day tadbirini o‘tkazadi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi. Unda Seal 07 EV rasman sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, tadbirda Song Ultra EV, yangilangan Denza Z9 GT va 2026-yilgi Yangwang modellari esa oldindan buyurtmaga ochiladi.

Texnologik yangilanish fonida kompaniya bozor bosimini kamaytirishga urinmoqda. BYD fevral oyida 190 ming dona avtomobil sotgan bo‘lsa-da, bu o‘tgan yilga nisbatan 41 foizga kamaygan. Ichki bozordagi pasayish Xitoyda elektromobillar uchun soliq imtiyozlari qisqarishi bilan izohlanmoqda.

Foto: BYD

Yangi Song Ultra elektromobili o‘rta hajmdagi SUV bo‘lib, 270 kW quvvatli orqa motor bilan jihozlangan. Maksimal tezligi 210 km/soatga yetadi. 75,6 va 82,7 kWh sig‘imli ikki xil batareya varianti taklif etiladi. CLTC siklida yurish zaxirasi 620 km yoki 710 kmni tashkil etadi. Model narxi taxminan 180 ming yuan, ya’ni $24,8 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Seal 07 EV esa 69,07 kWh batareya va 240 kW motor bilan taqdim etiladi. Uning yurish zaxirasi 705 km. Model tom qismida lidar bilan jihozlangan va BYD’ning «God’s Eye» 5.0 haydovchi yordam tizimi bilan chiqishi kutilmoqda.

Foto: BYD

Premium segmentda Denza Z9 GT yangi bir motorli orqa yetakchi versiyada oldindan buyurtmaga ochiladi. 122,5 kWh batareya va 370 kW motor bilan u 1 036 kmgacha masofa bosib o‘tadi. Bu seriyali ishlab chiqarilayotgan elektromobillar ichida eng uzoq zaxiralardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, 2026-yilgi Yangwang U7, U8 va U8L modellari ham taqdim etiladi. U7 elektroversiyasi 150,01 kWh batareya bilan 1 006 kmgacha yurish imkonini beradi. Yangwang brendi million yuan toifasida qolmoqda. U8 va U8L off-road modellari 1,098 mln yuan va 1,28 mln yuan narxda taklif etiladi.

Foto: BYD

BYD tadbir davomida Megavatt Flash Charging 2.0 tizimini ham namoyish qiladi. 1 500 kW cho‘qqi quvvatga ega tezkor zaryad stansiyalari 1 000V arxitekturaga asoslanadi. Kompaniya 2026-yil oxirigacha 4 mingta shunday stansiya o‘rnatishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Denza yangilangan Z9 GT modelini 2026-yil 5-mart kuni rasman taqdim etishi haqida yozgan edi.