
BYD yangi BYD Song Ultra EV elektromobilini 3-mart kuni ishlab chiqarishga tayyor ko‘rinishda ommaga ko‘rsatdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Modelning sotuv jarayoni 5-mart kuni kompaniyaning Technology Day tadbiri doirasida boshlanadi.

Song Ultra EV ilk bor tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR datchigi bilan taqdim etildi. Bu Song oilasi uchun birinchi holat. Sensor «God’s Eye» B, ya’ni DiPilot 300 tizimi bilan ishlaydi. Platforma 300 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Tizim shahar va magistralda Navigation on Autopilot funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kuzov bo‘ylab yuqori aniqlikdagi kameralar 360 daraja kuzatuvni ta’minlaydi.

Salon 15,6 dyuymli aylanuvchi markaziy ekran va 10,25 dyuymli raqamli panel bilan jihozlangan. G‘ildirak bazasi 2 840 mm. «Big Bed Mode» rejimida old o‘rindiqlar to‘liq orqaga yotadi va orqa o‘rindiq bilan bir tekis joylashadi. Markaziy konsolda 2 ta 50W simsiz zaryadlash paneli mavjud.

Model e-Platform 3.0 Evo arxitekturasida yaratilgan. Orqa o‘rnatilgan bitta elektromotor 270 kW yoki 362 ot kuchi ishlab chiqaradi. Maksimal tezlik 210 km/soatni tashkil qiladi. LFP Blade batareyalari ikki variantda taklif etiladi. 75,6 kWh batareya 620 km, 82,7 kWh esa 710 km CLTC masofa beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Seal 07 elektromobili qachon sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.