
O‘zbekiston avtomobil bozorida Xitoy brendlari tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Ayniqsa, BYD va Chery modellari savdo hajmi jihatidan yetakchilar qatorida qolmoqda. So‘nggi taqqoslovda BYD’ning Song Plus (Champion) modeli hamda Chery Tiggo 8 gibrid versiyasi o‘zaro solishtirildi. Narxdagi taxminan $2 minglik farq esa xaridorni o‘ylantiradigan asosiy omil bo‘lib turibdi.
Dizayn va tashqi ko‘rinish
Tashqi ko‘rinishda Chery Tiggo 8 balandroq va agressivroq dizayni bilan ajralib turadi. Old qismidagi keskin chiziqlar va zamonaviy yorug‘lik elementlari unga salobat beradi. BYD esa ko‘proq sportiv va «molodyojniy» uslubda — soddaroq, lekin zamonaviy ko‘rinishda.
Orqa chiroqlardagi uzluksiz (sploshnoy) LED liniya ikkala modelda ham mavjud bo‘lib, bu global trendga aylangan yechim sanaladi. Umuman, dizayn masalasida qat’iy ustunlik yo‘q — tanlov ko‘proq did va yosh toifasiga bog‘liq.
O‘lcham va amaliy jihatlar
Chery Tiggo 8 uch qatorli, ya’ni 7 o‘rindiqli variantda taklif etiladi. Bu esa katta oila yoki uzoq safarlarni rejalashtirganlar uchun qulay. BYD esa 5 o‘rindiqli bo‘lib, shahar sharoitida harakatlanish uchun maqbulroq.
Bagaj hajmida ham farq seziladi: BYD’da uchinchi qator yo‘qligi sababli yukxona kattaroq. Chery’da esa uchinchi qator yig‘ilganda hajm kengayadi.
Klirens masalasida Chery balandroq ko‘rinadi, bu esa notekis yo‘llar uchun ustunlik beradi.
Texnik ko‘rsatkichlar
Har ikki model plug-in gibrid tizimga ega. Chery 1.5 litrli turbomotor bilan jihozlangan bo‘lib, quvvati 200 ot kuchidan yuqori. BYD esa 1.5 litrli atmosfera dvigatelga ega va quvvati biroz pastroq (190+ ot kuchi).
Farq katta emas, biroq tezlanish va yuklama ostidagi harakatda turbomotor ustunlik qilishi mumkin.
Salon va qulaylik
Salon dizaynida Chery boyroq va zamonaviyroq ko‘rinadi. Yumshoq plastik, charm qoplama, yog‘och va alyuminiy elementlar interyerga premium kayfiyat beradi. Ba’zi komplektatsiyalarda atamanka (oyoqlarni cho‘zib dam olish funksiyasi), head-up display, o‘rindiq massaji va ikki qavatli shovqin izolyatsiyali oynalar mavjud.
BYD saloni esa ko‘z o‘rgangan, ergonomik va sodda. Akustika tizimi ham narx segmentiga nisbatan qoniqarli darajada.
Muhim jihatlardan biri — xavfsizlik va qulaylik opsiyalari. Chery’da rul va old oynani isitish tizimi mavjud bo‘lsa, ayrim BYD versiyalarida bu funksiyalar yo‘q.
Narx va kafolat
Narx jihatidan BYD taxminan $32 ming atrofida, Chery esa $34 ming. $2 minglik farq evaziga xaridor qo‘shimcha o‘rindiq qatori, kuchliroq dvigatel, boyroq salon va qo‘shimcha opsiyalar oladi.
Kafolat masalasida Chery jiddiy ustunlikka ega: 7 yil yoki 200 ming km. BYD’da esa odatda 3 yil yoki 100 ming km kafolat taqdim etiladi. Bu uzoq muddatli egalik nuqtayi nazaridan muhim omil.
Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda Xitoy gibrid va elektromobillari boshqa ko‘plab davlatlarga nisbatan arzonroq. Yevropa bozorida esa bojxona to‘lovlari va sertifikatsiya talablari sabab narxlar deyarli ikki barobar oshishi mumkin. Shu bois mahalliy bozorda Xitoy modellari narx-sifat nisbatida jozibador ko‘rinmoqda.
Agar xaridor shahar uchun ixcham, sportiv ko‘rinishdagi va nisbatan arzonroq variant izlayotgan bo‘lsa — BYD maqbul tanlov. Katta oila, uzoq safarlar va maksimal qulaylikni istaganlar uchun esa Chery Tiggo 8 gibrid o‘z narxiga yarasha ko‘proq imkoniyat taklif etadi.
Yakunda tanlov shaxsiy ehtiyoj va budjetga bog‘liq. Eng to‘g‘ri qaror esa test-drayvdan keyin qabul qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Soluto Chevrolet Cobalt o‘rnini bosa oladimi — bloger sharhi haqida yozgandi.