
GM tomonidan 2027-yilgi Chevrolet Bolt AQSh bozorida rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda GMAutority nashri ma’lum qildi.
Model ikki yillik tanaffusdan so‘ng model qayta ishlab chiqarishga qaytgan. Yangi avlod endi shunchaki Bolt deb ataladi. U oldingi Bolt EUV asosida yaratilgan bo‘lsa-da, texnik va elektron jihatdan sezilarli yangilanishlarga ega. Model GM’ning Global B elektron arxitekturasini qabul qildi.
Avtomobil old g‘ildirakdan harakatlanadi. Yagona elektromotor 210 ot kuchi ishlab chiqaradi. LFP turidagi batareya to‘liq zaryad bilan EPA bo‘yicha 262 mil, ya’ni taxminan 422 km masofa bosib o‘tishga imkon beradi.

Eng muhim yangiliklardan biri tezkor zaryadlash tezligi bo‘ldi. Oldingi avlodda maksimal 55 kW bo‘lgan ko‘rsatkich endi 150 kWgacha oshirildi. Shuningdek, model NACS zaryad porti bilan jihozlangan.
Salon to‘liq yangilangan. Old panelda 11 dyuymli raqamli asboblar paneli va 11,3 dyuymli sensorli ekran mavjud. Multimediya tizimi Google built-in platformasida ishlaydi. Mijozlarga mato va Evotex sun’iy charm qoplama variantlari taklif etiladi. Ikki panelli lyuk, isitiladigan va shamollatiladigan o‘rindiqlar hamda Super Cruise yordamchi haydash tizimi opsiya sifatida mavjud.

Model ikki komplektatsiyada taklif qilinadi: LT va RS. Texnik jihatdan ular bir xil, farq asosan tashqi ko‘rinish va jihozlanishda.
Yangi Bolt kengaytirilgan xavfsizlik tizimlari bilan ham taqdim etilgan. Ular orasida piyoda va velosipedchini aniqlab tormozlash, chorrahada avtomatik tormozlash, ko‘r zona ogohlantirishi va orqaga harakatda avtomatik tormozlash tizimlari bor.

2027-yilgi Chevrolet Bolt narxi yetkazib berish xarajatlari bilan birga $28 mingdan boshlanadi. Bu uni AQSh bozoridagi eng hamyonbop elektromobillardan biriga aylantiradi. Model Nissan Leaf, Fiat 500e va Hyundai Kona Electric bilan raqobatlashadi.
Avtomobil GM’ning Kanzas shtatidagi Fairfax zavodida ishlab chiqarilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Gentra O‘zbekistonda ishlab chiqafrilmasligi haqida yozgan edi.