
Chevrolet Cobalt avtomobili O‘zbekistondagi eng ommabop avtomobil hisoblanib, yanvar oyida 5,4 ming dona sotilgan. Kursiv Uzbekistan nashrining navbatdagi maqolasida ushbu modelning xalqaro bozorlardagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z boradi.
Mundarija:
- O‘zbekiston
- Qozog‘iston bozori
- Qirg‘iziston
- Qaysi davlatlarda rasmiy diler orqali sotib olish mumkin emas
O‘zbekiston bozori

O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt eng faol sotilayotgan birlamchi bozor hisoblanadi. GX-Optima AT Plus 146,5 mln so‘m darajasida taklif etiladi. GX-Midnight AT 155 mln so‘m etib belgilangan. 2025–2026 yangilanishi doirasidagi Midnight MCM esa 165 mln so‘mdan boshlanadi.
Model 1 485 sm³ atmosferali benzin dvigateli bilan jihozlangan. Quvvat 106 ot kuchi, moment 141 Nm. Uzatma 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomat. Old yetak saqlangan. 0 dan 100 km/soat tezlanish 11,7 soniya, maksimal tezlik 170 km/soat. Yukxona hajmi 563 litrga teng.
MCM yo‘nalishida ko‘p funksiyali rul, o‘rindiq isitish va Midnight versiyada kruiz-nazorat kabi opsiyalar qo‘shilgan. Rasmiy kafolat 36 oy yoki 100 ming kmni tashkil etadi.
Qozog‘iston bozori

Qog‘istonda MY2026 Optimum AT 7,2 mln tenge narxda, Elegant AT esa, 4 mln tenge narxda taklif qilinmoqda. 2026-yil 3-mart kursi bo‘yicha bu mos ravishda qariyb $14 ming va $14,9 mingga teng.
Texnik ko‘rsatkichlar O‘zbekiston versiyasiga yaqin. 1,5 litrli 106 ot kuchli motor, 6AT va old yetak. 0 dan 100 km/soat tezlanish 12,6 soniya. Yonilg‘i sifatida AI-92 ko‘rsatiladi. Aralash siklda 6,7 litr atrofida sarf qayd etilgan.
Elegant versiyada qo‘shimcha komfort elementlari va yengil qotishmali disklar mavjud. Kafolat 3 yil yoki 100 000 kmni tashkil etadi.
Qirg‘iziston bozori

Qirg‘izistonda Chevrolet Cobalt 2026-yil modeli sifatida LTAT va LTZ komplektatsiyalarida taklif qilinmoqda. LTAT rasmiy MSRP 1,2 mln som. LTZ 1,21 mln som.
Rasmiy kurs bo‘yicha bu mos ravishda qariyb $13,7 ming va $14 mingga teng. Texnik parametrlar 1,5 litrli 106 ot kuchli benzin motoriga asoslangan. AT uzatma va old yetak saqlangan. Yukxona hajmi 563 litr, kafolat 3 yil yoki 100 ming kmni tashkil etadi.
Shunday qilib, USD ekvivalentida eng arzon Cobalt O‘zbekistonda, eng qimmati esa Qozog‘istonda taklif etilmoqda.
Qayerlarda rasmiy yangi Cobalt yo‘q

Meksika, Braziliya va Argentinada Chevrolet rasmiy modellar qatori Cobalt nomi bilan yangi model qayd etilmaydi. Bu bozorlarda Onix yoki Onix Plus kabi sedanlar asosiy rolni egallagan.
Rossiyada yangi Cobalt ko‘proq parallel import orqali tilga olinadi, rasmiy birlamchi model sifatida emas. Hindistonda GM 2017-yildan keyin savdoni to‘xtatgan. Misr va Filippinda rasmiy modellar qatorida boshqa modellarga urg‘u berilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobilining narxi ikkilamchi bozorda qanchaga pasaygani haqida yozgan edi.