Avto

Chevrolet Equinox 2027 avtomobili qanday o‘zgarishlar bilan chiqadi

CVT nega bekor qilinayotgani rasman izohlanmagan
Chevrolet Equinox 2027 avtomobili qanday o‘zgarishlar bilan chiqadi
Foto: Chevrolet

Chevrolet kompaniyasi 2027-yilgi Chevrolet Equinox modelida muhim texnik o‘zgarish kiritadi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, endilikda krossoverda CVT uzatmalar qutisi qo‘llanilmaydi. 2025 va 2026-yilgi old g‘ildirakli Equinox versiyalarida yangi CVT avtomat uzatma qo‘llangan edi. To‘liq privodli variantlarda esa GM’ning 8 pog‘onali klassik avtomat qutisi ishlatilgan.

2027-yildan boshlab barcha konfiguratsiyalarda aynan 8 pog‘onali avtomat standart bo‘ladi. Old va to‘liq privod versiyalari bir xil uzatmaga o‘tadi.

Foto: GMAutority

Equinox 1,5 litrli turbo dvigatel bilan taklif etiladi. Old privodda 175 ot kuchi va 184 lb-ft moment beradi. To‘liq privodda esa moment 203 lb-ft ga yetadi. Mutaxassislar pastroq moment cho‘qqisi CVT bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

CVT nega bekor qilinayotgani rasman izohlanmagan. Biroq bunday uzatmalarda suyuqlik oqishi kabi muammolar qayd etilgan. Shuningdek, Consumer Reports benzinli Equinox modelidan «Recommended» bahosini olib tashlagan.

Yana bir yaxshilanish tortish quvvatida bo‘lishi mumkin. Hozir old privodli Equinox 363 kg gacha tirkama torta oladi. AWD versiyada bu ko‘rsatkich 680 kg ni tashkil qiladi. 2027-yildan barcha versiyalarda 680 kg ko‘rsatkich joriy etilishi kutilmoqda.

Foto: Chevrolet

Model qatorida rang o‘zgarishi ham bor. Cacti Green bekor qilinadi. Uning o‘rniga Autumn Harvest Metallic rangi qo‘shiladi.

2027 Chevrolet Equinox ishlab chiqarilishi iyunda Meksikadagi San Luis Potosí zavodida boshlanadi. 2027-yil o‘rtalaridan boshlab model AQShning Kansas shtatidagi Fairfax zavodida ham yig‘iladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Bolt 2027 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.