Dubay aeroportidagi uzilishlar millionlab zarar keltirmoqda

Yaqin Sharqdagi harbiy keskinliklar fonida Dubay xalqaro aeroporti faoliyatida yuzaga kelgan uzilishlar har daqiqada qariyb $1 million miqdorida iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda NDTV World xabar berdi.
Unga ko‘ra, asosiy zarba nafaqat aeroportning o‘ziga, balki butun aviatsiya va xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga tegmoqda. Xususan, Emirates aviakompaniyasi, tranzit yo‘lovchi tashuvlari, mehmonxonalar, savdo nuqtalari va transport infratuzilmasi katta moliyaviy yo‘qotishlarni boshdan kechirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Dubay aeroporti 100 dan ortiq mamlakatdagi 260 dan ziyod shaharni bog‘lovchi yirik global aviahab hisoblanadi. 28-fevral kuni mintaqada havo hududi yopilishi ortidan barcha reyslar to‘xtatilgan. Aeroport faoliyati faqat 2-martdan boshlab cheklangan tartibda tiklana boshlagan.
Bloomberg xabariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi davlatlari, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar mintaqadagi keskinlikni yumshatish hamda energiya bozori barqarorligini saqlab qolish maqsadida diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri 13 nafar o‘zbekistonlik Eron–Turkmaniston chegarasi orqali vatanga qaytarilgani haqida yozgandi.