Sport

Eron klublaridagi o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyatini Superligada davom ettirishi mumkin

PFL rahbari FIFA ruxsat bersa, terma jamoa a’zolari uchun maxsus transfer oynasi ochilishini ma’lum qildi
Foto: PFL

Eronda to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Superligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda PFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev FIFA ruxsat bersa, legionerlar uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ochilishini ta’kidladi.

Yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati oldidan asosiy futbolchilarning o‘yin amaliyotisiz qolishi masalasiga PFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev quyidagicha munosabat bildirdi.

«Agar FIFA xuddi Rossiya va Ukrainadagi kabi futbolchilarga Eron klubini bir tomonlama tark etish huquqini bersa va O‘zbekistonga boshqa assotsiatsiya klubidan keladigan futbolchini transfer oynasidan tashqari olishga ruxsat bersa, biz o‘zimizning o‘yinchilar uchun ro‘yxatdan o‘tishni ochishga tayyormiz. Bizda mavsum endigina boshlandi va bu narsa hech qanday sport yaxlitligiga ta’sir qilmaydi. Barchasi O‘zbekiston terma jamoasining manfaati yo‘lida bo‘ladi», – dedi u.

Eron chempionatida 5 nafar o‘zbekistonlik legioner — Rustam Ashurmatov, Igor Sergeyev, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov va Jaloliddin Masharipov harakat qilayotgan edi. Hozirda futbolchilar xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tishga ulgurgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov Italiyada Masharipov bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.