Yangiliklar

Marhum inspektor Eshnazarov Xosilbek «Jasorat» medali bilan taqdirlandi

Prezident farmoni bilan
Marhum inspektor Xosilbek Eshnazarov «Jasorat» medali bilan taqdirlandi / Foto: Toshkent shahar IIBB

Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan marhum inspektor Eshnazarov Xosilbek «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkent shahar IIBB YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori, marhum kichik serjant Eshnazarov Xosilbek o‘z burchini sidqidildan va yuksak sharaf bilan ado etib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida fidokorona xizmat qilgani uchun «Jasorat» medali bilan mukofotlandi. Shuningdek, u yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etgan va mardlik hamda fidoyilik namunasini ko‘rsatgani e’tirof etildi.

YPX inspektori Xosilbek Eshnazarov 1993-yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan. Hodisa 25-fevral kuni soat 21:46 da sodir bo‘ldi. Boshqaruvda 2010-yilda tug‘ilgan, ayni paytda xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. U BMW M4 rusumli avtomashinani haydovchilik guvohnomasiz Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi bo‘ylab haydagan paytida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorini urib yuborgan.

Ma’lumot uchun, Eshnazarovni urib yuborgan 2010-yilda tug‘ilgan Doniyor Turg‘unovga nisbatan qamoqqa olish chorasi qo‘llanilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sankt-Peterburgda bolani qutqargan o‘zbekistonlik «Jasorat» medali bilan mukofotlangan edi.