Avto

«Moskvich» M70 va M90 krossoverlari narxlarini e’lon qildi

Boshlang‘ich narx taxminan $29 mingga teng
Foto: MAZ

Rossiyaning Moskvich brendi yangi M70 va M90 krossoverlari savdosi boshlanishi arafasida ularning narxlarini ma’lum qildi. Bu haqda Autonews nashri xabar berdi.

Boshlang‘ich narx taxminan $29 mingga teng. Ushbu qiymatda M70 modeli barcha o‘rindiqlar isitilishi, panoramali tom, ikki zonali iqlim nazorati va boshqa qulayliklarni taklif etadi. Avtomobil 1,5 litrli, 150 ot kuchiga ega dvigatel hamda 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Yuqori komplektatsiyadagi M70 narxi taxminan $35 ming. Ushbu versiyada simsiz quvvatlash tizimi, 360 darajali kameralar, ko‘r burchaklarni monitoring qilish tizimi mavjud. U 2 litrli, 200 ot kuchiga ega dvigatel va 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisiga ega.

Flagman model – M90 esa yagona, to‘liq privodli Ultimate komplektatsiyada taqdim etiladi. Unda 2 litrli dvigatel, avtomat uzatma, uch zonali iqlim nazorati, o‘rindiqlar isitilishi hamda 12,3 dyuymli multimedia ekrani va Bose audiotizimi mavjud.

Shuningdek, M90 adaptiv kruiz-nazorat, favqulodda tormozlash tizimi va harakat yordamchi tizimlari bilan jihozlangan. Ushbu model narxi taxminan $42 mingni tashkil etadi.

Yangi krossoverlar savdosi 2026-yil mart oyining boshida boshlanishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt avtomobilining narxi qanchaga pasaygani haqida yozgandi.