
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida Erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2-mart kuni videokonferensiya shaklida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Indoneziya Respublikasi Savdo vaziri Budi Santoso o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar 2025-yilda o‘zaro savdo hajmi 82 foizga oshganini qayd etib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar barqaror ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladi. Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish, karantin va fitosanitariya tartib-taomillarini jadallashtirish, shuningdek, halol sertifikatlarini o‘zaro tan olish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida Erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va AQSh muhim foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzolagani haqida yozgandi.