O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi

eʼlon qilindi
«Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!» shiori ostida
O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi / Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Joriy yilning 13 – 14-mart kunlari mamlakat bo‘ylab umumxalq hashari tashkil etiladi. Mazkur tadbir Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq o‘tkaziladi.

Hujjatga ko‘ra, hasharlar «Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!» shiori ostida tashkil qilinadi. Hashar davomida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turarjoylar va hovlilar atrofi, guzarlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, ko‘cha va yo‘laklar, shuningdek, bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi. Daraxtlarni oqlash va butash ishlari tashkil etiladi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida mahallalar hamda xonadonlar atrofiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi.

Shuningdek, 2026-yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgan maydonlar hamda uning nomi berilgan ko‘chalarda obodonlashtirish ishlari olib boriladi.

Hashar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

Tadbir ishtirokchilariga zarur texnik vosita va anjomlar beriladi. Obodonlashtirish jarayonida to‘plangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan belgilangan joylarga olib chiqilishi ta’minlanadi.

Shu bilan birga, umumxalq xayriya hashari davomida avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari va ularning qirg‘oqlari, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari hamda inson hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy hasharlarga doir tadbirlar o‘tkazish taqiqlanishi qat’iy nazorat qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam olishi haqida yozgan edik.

Shuningdek