Avto

Range Rover va Defender 2026 avtomobillari taqdim etildi

Multimedia ekrani 13,1 dyuymgacha kattalashtirilgan
Foto: Land Rover

Land Rover 2026-yilgi Range Rover va Defender modellarini rasman namoyish etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Range Rover 2026 to‘rtta komplektatsiyada taklif etiladi. Yangi AB versiyasi uzaytirilgan g‘ildirak bazasi va 400 ot kuchiga ega motor bilan ajralib turadi. Model nomlanish tizimi ham yangilandi. Endi SE Standard Wheelbase Edition va SE Long Wheelbase Edition kabi variantlar mavjud.

Salon sezilarli darajada boyitilgan. Rul isitilishi, ikkinchi qator o‘rindiqlari uchun massaj funksiyasi va oyoq qo‘yish tayanchi qo‘shilgan. Shuningdek, avtomobil sovitkichi, orqa yo‘lovchilar uchun 11,4 dyuymli ekran va Meridian audio tizimi taklif etiladi.

Barcha Range Rover 2026 versiyalari 3,0 litrli olti silindrli yumshoq gibrid tizimli motor bilan jihozlangan. U 360 yoki 400 ot kuchi ishlab chiqaradi. 0 dan 100 km/soat tezlikka chiqish 5,7 – 6,2 soniyani tashkil qiladi.

Foto: Range Rover

Defender 2026 esa o‘nta komplektatsiyada taqdim qilindi. Ular orasida Legend Edition va 130 3.0T P400 X-Dynamic HSE variantlari bor.

Multimedia ekrani 13,1 dyuymgacha kattalashtirilgan. Tashqi ko‘rinishda qoraytirilgan LED chiroqlar va yangi 22 dyuymli disklar paydo bo‘lgan. Kuzov ranglari qatoriga Legend Yellow qo‘shilgan.

2,0 litrli dvigatel 300 ot kuchi va 400 Nm moment beradi. 0 dan 100 km/soat tezlanish 7,1 soniyani tashkil qiladi. 3,0 litrli versiya esa 400 ot kuchiga ega. Barcha modellar 8 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Volkswagen ID. Era 9X avtomobili qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.