Yangiliklar

Samson Sky O‘zbekistonga 300 ta Switchblade uchuvchi avtomobilini yetkazib beradi

Umumiy $60 mln qiymatdagi
Samson Sky O‘zbekistonga 300 ta Switchblade uchuvchi avtomobilini yetkazib beradi / Foto: Samson Sky

Amerikaning Samson Sky kompaniyasi hamda Air Tashkent aviakompaniyasi O‘zbekistonga Switchblade uchuvchi avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzoladi. Umumiy qiymati $60 mln bo‘lgan 300 dona avtomobil yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Foto: Samson Sky

Air Tashkent Switchblade’lardan xususiy va tijoriy parvozlar uchun uchuvchilarni tayyorlashda foydalanishni mo‘ljallamoqda. Samson Sky mexaniklarni o‘qitish va servis xizmatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi. Shuningdek, kompaniya aviakompaniya va O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ushbu transport vositalarini mamlakat yo‘llari hamda havo hududida foydalanish uchun sertifikatlash masalasida ham ishlaydi.

Uch g‘ildirakli uchuvchi avtomobil – Samson Sky Switchblade ilk bor 2009-yilda taqdim etilgan. U ikki kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, yerda soatiga 200 km tezlikka erisha oladi va 0 dan 100 km/soatgacha tezlashuvi 5 soniyani tashkil etadi.

Foto: Samson Sky

Havoda esa maksimal tezligi 322 km/soatga yetadi, bir bak yoqilg‘i bilan 805 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Avtomobildan uchish apparatiga va aksincha aylanish jarayoni atigi bir tugmani bosish orqali 3 daqiqada amalga oshadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston C-390 Millennium rusumli transport samolyotlarini xarid qilishi haqida yozgan edik.