
Tarix fani o‘qituvchilari o‘rtasida katta muhokamaga sabab bo‘lgan attestatsiya savoli yuzasidan rasmiy qaror qabul qilindi. Endilikda testdagi bahsli savolda ikkita javob varianti ham to‘g‘ri deb e’tirof etiladi. Bu haqda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ma’lum qildi.
Gap 2025-yil may oyida o‘tkazilgan attestatsiya sinovidagi: «Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan?» mazmunidagi savol haqida bormoqda. O‘qituvchilarning bir qismi «Vestgotlar» javobini belgilagan, biroq dastlab test kalitida boshqa variant asosiy javob sifatida ko‘rsatilgan edi. Bu esa pedagoglar noroziligiga sabab bo‘lib, masala sudgacha yetib borgan.
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ma’lum qilishicha, tarixchi olimlar hamda mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalar natijasida savol mazmunida turli ilmiy talqinlar mavjudligi aniqlangan. Shu bois pedagoglar manfaatini inobatga olib, «Langobardlar» bilan bir qatorda «Vestgotlar» javobi ham to‘g‘ri deb qabul qilinadigan bo‘ldi.
Jarayonga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari ham jalb etilgan. Shuningdek, kelgusida bunday bahsli holatlar takrorlanmasligi uchun o‘quv adabiyotlarini aniqlashtirish va ilmiy-metodik ishlarni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Mazkur savol sabab to‘rt nafar o‘qituvchi vazirlik ustidan sudga murojaat qilgan edi. Ular birinchi va kassatsiya instansiyalarida da’volarini qondira olmagan. Advokat Umarjon Jumaniyazovning aytishicha, sudlar da’voni rad etgan bo‘lsa-da, keyinchalik pedagoglardan biri Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilganidan so‘ng masala qayta ko‘rib chiqilgan.
Advokat endilikda attestatsiya natijalari rasman o‘zgartirilgach, ma’naviy zarar va sud xarajatlarini undirish masalasida yana sudga murojaat qilish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda attestatsiya imtihonlarida noqonuniy «bunker» fosh etilgani haqida yozgandi.