Yangiliklar

Toshkentda yangi avtobus yo‘nalishi harakati yo‘lga qo‘yildi

Yangi yo‘nalishda 10 dona katta sig‘imli Mercedes-Benz avtobuslari harakatlanadi
Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlar 37 ming so‘m jarima to‘laydi
Foto: Transphoto.com

3-mart kunidan boshlab Xo‘jaqo‘rg‘on mahallasi — Yunusobod 12-dahasi oralig‘ida 10-sonli yangi avtobus yo‘nalishi qatnovi tashkil etildi. Yo‘nalish ochiq tender savdolari natijasida tuzilgan brutto shartnomasi asosida ishlaydi.

Yangi avtobus yo‘nalishi Xo‘jaqo‘rg‘on, Yenbekshi, Buvra ota, Yo‘ldosh Oxunboboyev, Charog‘on, Oliygoh, THAY, Chinobod, Yangi shahar hamda Ahmad Donish ko‘chalari orqali harakatlanadi. Yo‘nalishning yakuniy bekati Yunusobod 12-dahasi etib belgilangan. Transport vositalari har kuni soat 05:30 dan 21:55 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Foto: Tоshkent shahar transport bosh boshqarmasi

Mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish huquqi jamiyatning 5-Avtobus saroyi filialiga biriktirilgan. Yo‘nalishga jami 10 dona katta sig‘imli Mercedes-Benz rusumidagi avtobuslar jalb etilgan. Boshqa qo‘shimcha rasmiy tafsilotlar hozircha ma’lum qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda avtobuslardan tushgan daromad 644 mlrd so‘mga yetgani haqida xabar bergan edi.