
Volkswagen va SAIC qo‘shma korxonasi Volkswagen ID. Era 9X SUV uchun EA211-ERV 1,5 litrli range extender dvigatelini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Mazkur model shu oyda oldindan buyurtmaga chiqarilishi kutilmoqda.
EA211 dvigatellari oilasi ilk bor 2011-yilda taqdim etilgan edi. 2017-yilda esa plagin gibridlar uchun yangilangan versiya paydo bo‘ldi. 2026-yil mart oyida SAIC-Volkswagen EREV, ya’ni kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega elektr modellarga mo‘ljallangan maxsus modifikatsiyani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Yangi dvigatel EA211-ERV deb nomlanadi. Kompaniya uni «Golden Range Extender» deb atamoqda. Bu 1,5 litrli, o‘zgaruvchan geometriyali turbokompressorli agregat hisoblanadi. U Miller sikli asosida ishlaydi va 350 bar yoqilg‘i purkash tizimiga ega. Dvigatelning maksimal quvvati 105 kVt yoki 141 ot kuchini tashkil etadi.
Mazkur motor g‘ildiraklarni bevosita harakatlantirmaydi. U elektr batareyani zaryadlaydi va elektr motorlarga energiya uzatadi. EREV tizimida dvigatel odatda barqaror aylanish tezligida ishlaydi. ID. Era 9X sovuq iqlim sinovlarini Heihe shahrida muvaffaqiyatli yakunlagani ma’lum qilingan.

Volkswagen ID. Era 9X uzunligi 5207 mm, eni 1997 mm, balandligi 1810 mm. G‘ildirak bazasi 3070 mm. Salon 2+2+2 sxemasidagi 6 o‘rindiqli. Old panelda ikkita 15,6 dyuymli ekran va ikki spikali rul mavjud. Shipda esa 21,4 dyuymli displey o‘rnatilgan.
Model uch xil versiyada taklif etiladi. Barcha variantlarda bir xil EA211-ERV range extender ishlatiladi. Boshlang‘ich versiya 220 kVt quvvatli orqa elektr motor va 51,1 kVt/soat batareya bilan jihozlanadi. Ikkinchi versiyada 65,2 kVt/soat batareya qo‘llanadi. Eng yuqori komplektatsiya esa 380 kVt yoki 510 ot kuchiga ega ikki motorli to‘liq privod tizimi bilan taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen Tiguan R qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.