Yangiliklar

Xiaomi Vision Gran Turismo avtomobili haqida hujjatli film taqdim etdi

Ushbu konseptual avtomobil ommaviy ishlab chiqarilmaydi, balki Gran Turismo o‘yiniga qo‘shiladi
Foto: Xiaomi

Xiaomi Auto o‘zining Xiaomi Vision Gran Turismo konseptual avtomobili yaratilish tarixiga bag‘ishlangan hujjatli filmini e’lon qildi. Ushbu loyiha ustida Pekin, Shanxay va Myunxendagi global dizayn jamoalari ishlagan.

Foto: Xiaomi

Hujjatli filmda aerodinamik qarshilik va bosim o‘rtasidagi mukammal muvozanatni topish jarayoni yoritilgan. Hozirgi vaqtda mazkur konseptual avtomobil Mobile World Congress (MWC) ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda va mutaxassislar hamda ommaviy e’tiborni o‘ziga tortmoqda.

Foto: Xiaomi

Gran Turismo seriyasi prodyuseri Kazunori Yamauchi boshlangan loyiha doirasida dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari kelajak mashinalarini yaratadilar. Xiaomi ushbu loyihaga qo‘shilgan 36-brend bo‘lib, u birinchi Xitoy brendi va dunyodagi ilk texnologiya kompaniyasi hisoblanadi. Avvalroq loyihada Bugatti, Ferrari va Porsche kabi taniqli brendlar ishtirok etgan.

Xiaomi guruhining hamkori va prezidenti Lu Veybin konseptning texnik holati bo‘yicha izoh berdi.

Foto: Xiaomi

«Mashina fizika qonunlariga zid emas, nazariy jihatdan uni muhandislik yo‘li bilan yasash mumkin va barcha aerodinamik prinsiplarga mos keladi», — dedi kompaniya vakili.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu model ommaviy ishlab chiqarish konveyeriga qo‘yilmaydi. U faqatgina Gran Turismo o‘yini geymerlari uchun raqamli formatda taqdim etiladi. Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning 29-yanvarida Xiaomi kompaniyasining SU7 Ultra elektromobili ham poyga simulyatoriga kiritilgan birinchi Xitoy avtomobili bo‘lgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 Ultra mojarosida birinchi sudda g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.