Yanvarda avtomobil ishlab chiqarish 42 foizga o‘sdi: qaysi rusumlar yetakchi?

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar oyida turli rusumdagi 22 ming ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,4 mingtaga yoki 41,6 foizga ko‘pdir.
Avtomobil sanoatida ishlab chiqarish hajmining eng katta ulushi Cobalt va Damas rusumlariga to‘g‘ri keldi. Xususan, yanvar oyida 7 mingta Cobalt ishlab chiqarilib, 2025-yilga nisbatan 23,6 foizga (1,3 mingta) o‘sish qayd etildi. Shuningdek, 3,6 mingta Damas konveyerdan chiqib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 31,2 foizga (863 ta) oshdi.

Xorijiy brendlar orasida KIA 2,3 mingta va Onix 2 mingta ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egalladi. Bu rusumlar mos ravishda 16,2 foiz va 35 foiz o‘sishni qayd etgan. Shu bilan birga, Tracker ishlab chiqarish hajmi 42,4 foizga oshib, 1,9 mingtani tashkil qildi.
Xitoy brendlari ishlab chiqarishida keskin sakrash kuzatildi. Haval avtomobillari o‘tgan yilgi 373 tadan 1,1 mingtaga yetib, 204 foizdan ziyod o‘sishni ko‘rsatdi. BYD modeli 68,6 foizga oshib 1,3 mingtani, Chery esa 27,4 foizga ko‘payib 757 tani tashkil etgan.
Maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 643 tadan 2 mingtaga oshgan va o‘tgan yilgi yanvar oyiga nisbatan 220,7 foizlik eng yuqori o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD savdosi pandemiyadan keyingi eng past darajaga tushib ketgani haqida xabar bergan edi.