
2025-yil davomidagi keskin vaziyatdan keyin, 2026-yilning fevralidagi AQSh va Isroilning Eronga qo‘shma zarbasi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Kuchaygan geosiyosiy keskinlik fonida energetika, logistika va moliya bozorlaridagi siljishlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga yonilg‘i narxlari, tashish xarajatlari, budjet bosimi va valyuta kutilmalari orqali bevosita ta’sir qilishi mumkin. Kursiv Uzbekistan bu bo‘yicha ekspertlar fikrini o‘rgandi.
Geosiyosiy risk va Markaziy Osiyo: «uzoq» mojaroning yaqin ta’siri
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari doktori Ikboljon Kasimovning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, Isroil–Amerika va Eron o‘rtasidagi keskinlik O‘zbekistonga yonilg‘i, transport tannarxi, import narxlari va valyuta kutilmalari orqali ta’sir qiladi.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo jami oshgan, 2024-yilda u $500 millionni tashkil etgan. 2025-yilda uni $2 mlrdgacha oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Ekspertga ko‘ra, O‘zbekiston Erondan issiqlik uskunalari, etilen va stiren polimerlari import qiladi. Bu mahsulotlar qurilish va kimyo sanoati uchun muhim xom ashyo hisoblanadi. Agar Eron bilan savdo izdan chiqsa, ushbu mahsulotlarni boshqa bozorlardan, ko‘pincha qimmatroq narxda xarid qilishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Eronga paxta ipi, dukkakli mahsulotlar va kaliy o‘g‘itlari eksport qiladi. Urush sharoitida Eronning import qobiliyati pasayishi eksportga ham zarba bo‘lishi mumkin.
Yonilg‘i narxlari va ichki bosim

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professori To‘lqin Boboqulovning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston neft va gazni import qiluvchi mamlakatga aylanmoqda. Shu sababli jahon narxlarining oshishi iqtisodiyot subyektlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, 2-mart kungi savdolarda Brent markali neft 13 foizga qimmatlashib, barreliga $82 dan oshdi. Eron esa kuniga 1,5–2 mln barrel neft yetkazib beradi. Uning bozoridan chiqishi yoki eksporti cheklanishi narxga qo‘shimcha bosim beradi.
Ikboljon Kasimov fikricha, ichki bozorda ikki yo‘l mavjud. Birinchisi, import qimmatlashsa chakana narxlar oshadi. Ikkinchisi, davlat va korxonalar narxni yumshatish uchun qo‘shimcha xarajat qiladi. Har ikki holatda budjet yoki iste’molchi bosim ostida qoladi. Yonilg‘i narxi oshishi transport va logistika xarajatlarini ko‘taradi. Bu esa oziq-ovqat, qurilish materiallari va boshqa import tovarlar narxida aks etadi. Eng tez seziladigan yo‘nalishlar shaharlararo logistika va servis xizmatlari bo‘ladi.
Global neft bozori va Rossiya omili
Neft bozorida ikki asosiy kuch mavjud. Birinchisi talab va taklif omillari. Ikkinchisi geosiyosiy risk. Hozir aynan risk bozorda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
Professor To‘lqin Boboqulovga ko‘ra, Hormuz yopilishi, shuningdek, dunyoning eng yirik neftni qayta ishlash zavodi bo‘lgan Saudi Aramco faoliyatini to‘xtashi ham neft narxini oshishiga olib keladi. Bunday vaziyatdan Rossiya va Meksika kabi eksportchilar yutishi mumkin.
Ikboljon Kasimov esa Rossiya neftiga talab oshadi degan soddalashtirilgan yondashuv to‘g‘ri emasligini ta’kidlaydi.
«Rossiya neftiga kelganda, masala talab oshadi degan sodda shaklda emas balki bir bozor qisqarsa, boshqasiga oqim kuchayadi, sanksiyalar, logistika, sug‘urta va chegirmalar hisobiga yo‘nalishlar qayta taqsimlanadi. Agar Yaqin Sharqda risk kuchaysa, muqobil manbalarga qiziqish ortishi mumkin, lekin bu birdaniga hamma Rossiya nefti yoki gaziga o‘tadi degani emas», — deya qayd etdi iqtisodchi.
Budjet, savdo balansi, kurs va oltin

Boboqulovga ko‘ra, har doim siyosiy inqirozlar, urushlar oltin narxining oshishiga olib keladi. Lekin AQSh dollari va boshqa yetakchi valyutalarning qadrsizxlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bundan esa O‘zbekiston yutqazadi. Chunki O‘zbekiston valyuta zaxiralarining 90 foizdan ortiq qismi aynan AQSh dollarida shakllangan.
Kasimov esa mojaro uzoq davom etsa, O‘zbekiston uchun uchta asosiy xavf yuzaga kelishini bildirdi. Ular quyidagilar:
- Birinchisi bu budjet bosimi. Chunki yonilg‘i va logistika qimmatlashsa, infratuzilma, qurilish va davlat xaridlari tannarxi ko‘tariladi, ijtimoiy sezgir narxlar bo‘yicha yumshatish ehtiyoji paydo bo‘lishi mumkin.
- Ikkinchisi esa savdo balansi bo‘lib yonilg‘i importi va tashish xarajatlari oshishi importni qimmatlashtiradi.
- Uchinchisi esa valyuta va inflyatsiya bilan bog‘liq. Bunda import qimmatlashuvi narxlarga bosim qiladi, bozor kutilmalari ortsa valyuta kursiga ham bosim paydo bo‘lishi mumkin.
«Oltin esa odatda shunday vaziyatda himoya aktivi sifatida kuchayadi. Bunda oltin eksporti va zaxiralari O‘zbekiston uchun tayanch bo‘lishi mumkin. Lekin global moliyaviy shoklar kuchaysa, umumiy beqarorlik ham ortadi va eski kutilmalar oltin narxi yuqoriroq bo‘lishi ehtimoli bilan yangilanadi, lekin bu boshqa risklar yo‘q degani emas», deydi u.
Hormuz o‘rniga muqobil yo‘nalishlar
Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi Eronning Bandar-Abbos porti faoliyatini to‘xtatishiga olib keladi. Professor To‘lqin Boboqulovga ko‘ra, O‘zbekistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoga eksportining 80 foizdan ortig‘i aynan shu port orqali amalga oshiriladi. Bu katta yo‘qotish bo‘ladi.
Ikboljon Kasimov muqobil sifatida Trans-Kaspiy (Middle Corridor) yo‘nalishini ko‘rsatadi. Bu Markaziy Osiyo–Kaspiy–Kavkaz–Turkiya–Yevropa zanjiri orqali ishlaydi. Hozir mavjud, ammo to‘liq o‘rin bosishi uchun sig‘im va tarif masalalari hal etilishi kerak.
Bundan tashqari, Kavkaz va Turkiya portlari orqali Yevropaga chiqish hamda temir yo‘l konteyner tashuvlarini kengaytirish muhim variant sifatida ko‘riladi.
Keskinlik fonida O‘zbekiston uchun imkoniyatlar
Iqtisodchi Kasimov Yaqin Sharqdagi keskinlik O‘zbekiston uchun bir qator xavflardan tashqari imkoniyatlar ham yaratishini ta’kidladi.
- Bunda birinchi imkoniyat muqobil energetikani tezlashtirish. Neft narxining tebranishi sharoitida energiya samaradorligi va elektrifikatsiya ichki barqarorlikni mustahkamlaydi.
- Ikkinchi imkoniyat tranzit rolini kuchaytirish. Bir nechta transport yo‘laklarini parallel rivojlantirish O‘zbekistonni mintaqada muhim logistika bo‘g‘iniga aylantiradi.
- Uchinchi imkoniyat eksport tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish. Yuqori qiymatli va kichik hajmli mahsulotlar ulushini oshirish logistika risklariga chidamlilikni kuchaytiradi.
Professor To‘lqin Boboqulov esa Transafg‘on temir yo‘li istiqboli xavf ostida ekanini ta’kidlaydi. Mintaqaviy beqarorlik ushbu loyihaga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Umuman olganda, Isroil–Eron keskinligi O‘zbekiston uchun bevosita harbiy xavf emas. Ammo energetika, logistika va moliya kanallari orqali iqtisodiy bosim kuchayishi mumkin. Ekspertlar esa bu vaziyatda transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, energiya qaramligini kamaytirish va budjet hamda valyuta risklarini oldindan boshqarishni tavsiya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab eksportchilarga favqulodda yordam berilishini ma’lum qilgandi. Vazirlikning ta’kidlashicha, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha favqulodda yordam mexanizmi ishga tushirildi. Mazkur mexanizm tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar muammolarini tezkor hal etishga qaratilgan.