4-martdan Toshkent va Dubay o‘rtasidagi reyslar bosqichma-bosqich tiklanadi

2026-yil 4-martdan boshlab Toshkent va Dubay o‘rtasidagi aviaqatnovlar yana tiklanadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Reyslar UzAirways, CentrumAir va Qanot Sharq aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Parvozlar belgilangan jadval asosida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
- UzAirways aviakompaniyasining HY333 reysi 4-mart kuni soat 08:30 da Toshkentdan Dubayga, HY334 reysi esa shu kuni soat 12:30 da Dubaydan Toshkentga qaytadi.
- CentrumAir aviakompaniyasining C6-351 reysi 4-mart kuni soat 05:30 da Toshkentdan Dubayga, C6-352 reysi esa soat 10:25 da Dubaydan Toshkentga uchishi qayd etilgan.
- Qanot Sharq aviakompaniyasining HH901 reysi 4-mart kuni soat 05:10 da Toshkentdan Dubayning DWC aeroportiga, HH902 reysi esa soat 10:30 da Dubaydan Toshkentga yo‘l oldi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar aviakompaniyalarning rasmiy manbalari orqali e’lon qilib boriladi. Fuqarolarga parvoz vaqti hamda reys holatini oldindan aviakompaniyalar bilan aniqlashtirish tavsiya etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq boy shaxslar xususiy samolyotlar orqali Yaqin Sharqni tark etayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Abu Dabi, Dubay, Qatar va Bahrayn hududlariga Eron raketalari va dronlari hujumi ortidan Yaqin Sharqdagi boy elitalar xavfsiz evakuatsiya yo‘llarini izlamoqda.