
Andijon va Namangan viloyatlarida 334 mln so‘mlik aksiz markasiz tamaki mahsulotlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda «V.75» MChJga qarashli savdo do‘konida qonunbuzarlik aniqlangan. «O‘zbegim» MFY hududidagi do‘konda sotuvchi xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 274,6 mln so‘m bo‘lgan 15,4 ming quti aksiz markasisiz tamaki mahsulotlarini savdoga qo‘ygani ma’lum bo‘lgan. Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Shuningdek, Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda yana bir holat aniqlangan. Namangan shahrining «Quvonch» MFY hududida yashovchi A.S. noqonuniy ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘lgan. Uning xonadonida umumiy qiymati 59,9 mln so‘mlik 3,4 ming quti aksiz markasisiz tamaki mahsulotlari sotish maqsadida saqlab kelingani aniqlanib, mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xorazmda qalbaki alkogol ishlab chiqargan yashirin sex fosh etilgani haqida yozgan edi.