Yangiliklar

Apple M5 chipli MacBook Air noutbuklarini taqdim etdi

Qurilma boshlang‘ich 512 GB xotira hamda ilg‘or sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan sotuvga chiqadi
Foto: Apple

Apple kompaniyasi o‘zining M5 protsessoriga ega yangi MacBook Air noutbuklarini rasman taqdim etdi. Yangilangan modellar yuqori unumdorlik va kengaytirilgan SI imkoniyatlarini taklif etadi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida ma’lum qildi.

Yangi MacBook Air oldingi avlodlarga nisbatan sun’iy intellekt vazifalarini 4 barobargacha tezroq bajaradi. Noutbuklar endi standart holatda 512 GB xotira bilan jihozlanadi va bu ko‘rsatkichni 4 TB gacha oshirish mumkin. Shuningdek, qurilmaga Wi-Fi 7 hamda Bluetooth 6 simsiz aloqa texnologiyalari o‘rnatilgan.

Foto: Apple

13 va 15 dyuymli o‘lchamlarda ishlab chiqariladigan modellar to‘rt xil rangda taklif etiladi. Noutbukning akkumulyator ishlash muddati 18 soatgacha yetadi.

«Yangi MacBook Air har kungi vazifalardan tortib ijodiy ishlargacha bo‘lgan barcha jarayonlarni oson bajaradi», — dedi Apple kompaniyasining apparat ta’minoti bo‘yicha vitse-prezidenti Jon Ternus.

Yangi qurilmalarga 4-martdan boshlab oldindan buyurtma berish mumkin, sotuvlar esa 11-martdan boshlanadi. 13 dyuymli model narxi 1099 dollardan, 15 dyuymli versiya esa 1299 dollardan boshlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple yil oxirida sensorli MacBook Pro‘ni taqdim etishi haqida xabar bergan edi.