
Beeline Uzbekistan va Rakuten Symphony O‘zbekiston raqamli infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlik memorandumi imzoladi. Bu haqda Beeline kompaniyasi matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Ushbu memorandum tarmoqlarni joriy etish, optimizatsiya qilish va raqamli xizmatlarni takomillashtirish imkoniyatlarini o‘rganish asosini yaratadi. Hamkorlik doirasida kompaniyalar bulut yechimlari, SI avtomatizatsiyasi, xalqaro jamoalar uchun aloqa yechimlari va global IoT xizmatlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Rakuten Symphony prezidenti Sharad Shrivastava hamkorlik O‘zbekistonning milliy raqamli infratuzilmasini ochiq va SIga tayyor texnologiyalar yordamida rivojlantirishga qaratilganini ta’kidladi. Beeline Uzbekistan bosh direktori Andrey Pyatakhin esa hamkorlik orqali bulut arxitekturalari va SI avtomatizatsiyasi xizmatlarni tezroq rivojlantirishga yordam berishini bildirdi.
Beeline Uzbekistan 2006-yildan beri raqamli operator sifatida faoliyat yuritadi va 2 mingdan ortiq xodimga ega. Ayni paytda kompaniya 7,7 mln mobil aloqa va 9 mln raqamli xizmat foydalanuvchisiga xizmat ko‘rsatadi. Hamkorlik mamlakatning raqamli iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash, xizmat sifatini oshirish va mijozlar uchun yangi raqamli imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.
Rakuten Group kompaniyasi 1997-yilda Yaponiyada tashkil etilgan bo‘lib, 2 mlrd foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya global miqyosda, jumladan, AQSh, Singapur, Hindiston, Janubiy Koreya, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Uzbekistan va O‘zbekiston Professional futbol ligasi muxlislar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida kelishuv imzolagan edi.