
BYD kompaniyasi bir oy avval taqdim etgan BYD Denza Z9 GT modeli haqida yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Electrek nashri xabar bermoqda. Avtomobil gibrid va to‘liq elektr versiyalarda ishlab chiqariladi.
Elektr versiyasining yurish zaxirasi 1000 kmdan oshishi kutilmoqda. Model ikki xil batareya bilan taklif qilinadi. Birinchi variant 102,3 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Ikkinchi variant esa 122,5 kVt/soat batareyaga ega bo‘ladi. CLTC sikliga ko‘ra, avtomobilning yurish zaxirasi 820 km dan 1036 km gacha yetadi. Bazaviy versiyada esa bu ko‘rsatkich hatto 1068 km ga chiqishi mumkin.
Shu bilan birga, CLTC sikli real sharoitdagi yurish zaxirasini biroz yuqori ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassislar bu tizim WLTP standartiga nisbatan 20–30 foizgacha yuqori natija berishini ta’kidlaydi.

Denza Z9 GT elektr versiyasi orqa va to‘liq uzatmali konfiguratsiyalarda taqdim etiladi. Orqa uzatmali model 496 ot kuchiga ega. To‘liq uzatmali eng kuchli versiyaning quvvati esa 1140 ot kuchiga yetadi.
Eng kuchli konfiguratsiya juda yuqori quvvatga ega bo‘lishiga qaramay, avtomobilning maksimal tezligi 270 km/soat bilan cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Song Ultra elektromobili qanday dizaynga egaligi haqida yozgan edi.